Matlab tizimining muloqot muhiti va ishchi varaqlar bilan ishlash
Matlab tizimining muloqot muhiti va ishchi varaqlar bilan ishlash REJA: 1. MATLAB amaliy dastur paketi . 2. MATLABni ishga tushirish va dialog rejimida ishlash. 3. MATLAB amaliy dasturining asosiy imkoniyatlari. 4. MATLAB ning yordam tizimi . 5. Ish maydoni
MATLAB vaqt sinovidan o'tgan matematik hisoblarni avtomatlashtirish tizimlaridan biridir. U matritsaviy amallarni qo'llashga asoslangan. Bu narsa tizimning nomi — MATrix LABoratory-matritsaviy laboratoriyada o'z aksini topgan. Matritsalar murakkab matematik hisoblarda, jumladan, chiziqli algebra masalalarini yechishda va dinamik tizimlar hamda ob'ektlarni modellashda keng qo'llaniladi. Ular dinamik tizimlar va ob'ektlarning holat tenglamalarini avtomatik ravishda tuzish va yechishning asosi bo'lib hisoblanadi. Bunga MATLABning kengaytmasi Simulink misol bo'lishi mumkin. Hozirgi vaqtda MATLAB ixtisoslashtirilgan matritsaviy tizim chegaralaridan chiqib universal integrallashgan kompьyuterda modellash tizimiga aylandi. Umuman olganda, MATLAB matematikaning rivojlanishi davomida to'plangan matematik hisoblashlar bo'yicha tajribani o'zida mujassamlashtirgan va uni grafik vizuallash va animatsiya vositalari bilan uyg'unlashtirilgan. MATLAB tizimi ilova qilinadigan katta hajmdagi hujjatlar bilan birgalikda EHMni matematik ta'minlash bo'yicha ko'p tomli ma'lumotnoma (bildirgich, spravochnik) vazifasini bajarishi mumkin. MATLAB tizimini Moler (S. V. Moler) ishlab chiqqan va 70-yillarda undan katta EHMlarda keng foydalanilgan. MathWorks Inc firmasining mutaxassisi Djon Litl (John Little) 80-yillarning boshlarida IBM PC, VAX va Macintosh klassidagi kompьyuterlar uchun PC MATLAB tizimini tayyorlagan. Keyinchalik MATLAB tizimini kengaytirish uchun matematika, dasturlash va tabiiy fanlar bo'yicha jahondagi eng yirik ilmiy markazlar jalb qilingan. Hozirgi vaqtda tizimning eng yangi versiyasiyalari MATLAB-6 va MATLAB- 7 mavjud. MATLAB tizimining vazifasi har xil turdagi masalalarni yechishda foydalanuvchilarni an'anaviy dasturlash tillariga nisbatan afzalliklarga ega bo'lgan va imkoniyatlari keng modellash vositalari bilan ta'minlashdir. MATLABning imkoniyatlari juda keng. Undan hisoblashlarni bajarish va modellash uchun fan va texnikaning har qanday sohasida foydalanish mumkin. MATLAB asosan quyidagi vazifalarni bajarish uchun ishlatiladi: • matematik hisoblashlar; • algoritmlarni yaratish; • modellash; • ma'lumotlarni tahlil qilish, tadqiq qilish va vizuallashtirish; • ilmiy va injenerlik grafikasi; • ilovalarni ishlab chiqish va boshqalar.
MATLAB ochiq arxitekturaga ega, ya'ni mavjud funktsiyalarni o'zgartirish va yaratilgan xususiy funktsiyalarni qo'shish mumkin. MATLAB tarkibiga kiruvchi Simulink dasturi real tizim va qurilmalarni funktsional bloklardan tuzilgan modellar ko'rinishida kiritib imitatsiya qilish imkoniyatini beradi. Simulink juda katta va foydalanuvchilar tomonidan yanada kengaytirilishi mumkin bo'lgan bloklarning bibliotekasiga ega. Bloklarning parametrlari sodda vositalar yordamida kiritiladi va o'zgartiriladi. Simulink yuzdan ortiq biriktirilgan bloklarga ega. Bloklar vazifalariga mos holda guruhlarga bo'lingan: signallar manbalari, qabul qilgichlar, diskret, uzluksiz, chiziqli bo'lmagan, matematik funktsiyalar va jadvallar, signallar va tizimlar. Foydalaaniluvchi blok va bibliotekalar yaratish funktsiyasiga ega bo'lganligi sababli Simulinkda qo'shimcha ravishda kengayuvchi bloklar bibliotekasini hosil qilish mumkin. Biriktirilgan va foydalaniluvchi bloklarning funktsionalligini sozlashdan tashqari, belgi(znachok) va dialoglardan foydalanib foydalaniluvchi interfeys hosil qilish ham mumkin, Maxsus mexanik, elektr va dasturiy komponentlarning (motorlar, o'zgartkichlar, servo-klapanlar, ta'minlash manbalari, energetik qurilmalar, filьtrlar, shinalar, modemlar va boshqa dinamik kompanentlar) ishlashini modellashtiruvchi bloklar yaratish mumkin. Yaratilgan blokni kelajakda foydalanish uchun bibliotekada saqlab qo'yish mumkin. Keyingi yillarda loyihachilar matematik tizimlarning integratsiyalashuviga va ulardan birgalikda foydalanishga katta e'tibor bermoqdalar. Murakkab matematik masalalarni bir necha tizimlar yordamida yechish eng yaxshi va mos vositalarni tanlash imkoniyatini beradi va olinadigan natijalarning ishonchliligini orttiradi. MATLAB tizimi bilan keng tarqalgan matematik tizimlar ( Mathcad, Maple va Mathemati) integrallashuvi mumkin. Matematik tizimlarni zamonaviy matnli protsessorlar bilan birlashtirishga intilish ham mavjud. Masalan, MATLAB yangi versiyalarining vositasi — Notebook — Word 95/97/2000/XR matn protsessorlarida tayyorlanayotgan hujjatning kerakli joylariga MATLAB hujjatlari va sonli, jadval yoki grafik ko'rinishdagi hisoblash natijalarini qo'yish imkoniyatini beradi. Natijada “jonli” elektron kitoblarni tayyorlash mumkin. Ularda namoyish qilinayotgan misollarni operativ tarzda o'zgartirish mumkin. Masalan, boshlang'ich shartlarni o'zgartirib, masalani yechish natijalarining o'zgarishini kuzatish mumkin. MATLAB 6 da grafiklarni Microsoft PowerPoint slaydlariga eksport qilishning takomillashgan vositalari ham ko'zda tutilgan. MATLABda tizimni kengaytirish masalalari maxsus kengaytirish paketlari - Toolbox asboblar to'plami yordamida hal qilinadi. Ularning ko'plari boshqa dasturlar bilan integratsiyalashuv uchun maxsus vositalarga ega. MATLAB tizimi bloklar ko'rinishida berilgan, dinamik tizim va qurilmalarni modellash uchun yaratilgan Simulink dasturiy tizimi bilan ham integratsiyalashgan. Vizual- yo'naltirilgan dasturlash printsiplariga asoslangan Simulink murakkab qurilmalarni yuqori aniqlikda modellash imkoniyatini beradi.
O'z navbatida boshqa ko'plab matematik tizimlar, masalan, Mathcad va Maple MATLAB bilan ob'ektli va dinamik bog'lanishi mumkin. Natijada ular MATLABdagi matritsalar bilan ishlashning effektiv vositalaridan foydalanishlari mumkin. Kompьyuter matematik tizimlarining bunday integratsiyalashuv tendentsiyasi shubhasiz keyinchalik ham davom etadi. MATLAB — kengayuvchi tizim, uni har xil turdagi masalalarni yechishga oson moslashtirish mumkin. Uning eng katta afzalligi tabiiy yo'l bilan kengayishi va bu kengayish m-fayllar ko'rinishida amalga oshishidir. Boshqacha aytganda, tizimning kengayishlari kompьyuterning qattiq diskida saqlanadi va MATLABning biriktirilgan (ichki) funktsiyalari va protseduralari kabi kerakli vaqtda foydalanish uchun chaqiriladi. Tizimning qo'shimcha pog'onasini toolbox kengaytmalar paketi tashkil etadi. U tizimni turli sohalardagi masalalarni yechishga yo'naltirish imkoniyatini beradi. Bunday sohalarga misol tariqasida matematikaning maxsus bo'limlari, fizika va astronomiya, telekommunikatsiya vositalari, matematik modellash, hodisaviy boshqariluvchi tizimlarni loyihalash va boshqa sohalarni keltirish mumkin. Xulosa qilib aytganda, MATLAB foydalanuvchilarning masalalarini yechish uchun yuqori darajadagi moslashuvchanlikka ega. MATLAB tizimi kuchli matematik-yo'naltirilgan yuqori darajali dasturlash tili sifatida yaratilgan. Bunday yo'nalish tizimning afzalliklaridan biri bo'lib hisoblanadi va uni yangi, yanada murakkab matematik masalalarni yechish uchun qo'llash mumkinligidan dalolat beradi. MATLAB tizimi BASICga o'xshash (Fortran va Paskalning ayrim elementlari ham qo'shilgan) kirish tiliga ega. Dastur ko'plab kompьyuterdan foydalanuvchilar uchun tanish bo'lgan an'anaviy usulda yoziladi. Bundan tashqari tizim dasturlarni har qanday matn tahrirlagichi yordamida tahrirlash imkoniyatini beradi. MATLAB o'zining sozlagichli tahrirlagichiga ham ega. MATLAB tizimining tili matematik hisoblashlarni dasturlash sohasida har qanday mavjud yuqori darajadagi universal dasturlash tillaridan boyroqdir. U hozirgi vaqtda mavjud bo'lgan deyarli hamma dasturlash vositalarini amalga oshiradi, jumladan, ob'ektga-mo'ljallangan va vizual dasturlashni (Simulink vositalari yordamida) ham. Umuman olganda, MATLAB tizimidan foydalanish tajribali dasturlovchilar uchun o'z fikrlari va g'oyalarini amalga oshirish uchun cheksiz imkoniyatlar beradi.
MATLABni ishga tushirish va dialog rejimida ishlash MATLABni ishga tushirish uchun ishchi stolning pastki chap burchagida joylashgan Pusk (Start) tugmasi bosiladi va MATLABning o'rnatilgan versiyasi tanlanadi (1-rasm). 1-rasm . MATLABni ishga tushirish MATLAB ishga tushgandan keyin ekranda uning asosiy oynasi paydo bo'ladi (2-rasm) va u komandalar (buyruqlar) rejimida ishlashga tayyor holga keladi. Odatda bu oyna to'liq ochilmaydi va ekranning faqat bir qismini egallaydi. Ustki o'ng burchagida joylashgan uchta tugmadan o'rtadagisini bosish yo'li bilan oynani to'liq ochish mumkin. Chapdagi tugma bosilganda oyna yopiladi, o'ngdagi tugma bosilganda esa MATLABning ishlashi to'xtatiladi.