Nizolarni hakamlik sudida hal etish bilan bog‘liq xarajatlar.
Nizolarni hakamlik sudida hal etish bilan bog‘liq xarajatlar. Reja: 1. Nizoni hakamlik sudida hal qilish bilan bog‘liq xarajatlar tarkibi 2. Hakamlik yig‘imi, miqdori va to‘lash tartibi 3. Hakamlik yig‘imi miqdorini ko‘paytirish, kamaytirish, to‘lash muddatini kechiktirish yoki uzaytirish va qaytarish tartibi 4. Hakamlik sudyalari gonorarining miqdori 5. Nizoni hakamlik sudida hal qilish bilan bog‘liq xarajatlarni taqsimlash 6. Nizoni hakamlik sudida hal qilish bilan bog‘liq xarajatlarni bo‘nak tarzida qoplash
1. Nizoni hakamlik sudida hal qilish bilan bog‘liq xarajatlar tarkibi O‘zbekiston Respublikasining “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi Qonunning 20-moddasiga asosan nizoni hakamlik sudida hal qilish bilan bog‘liq xarajatlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi: – hakamlik sudyalarining gonorari; – hakamlik muhokamasini tashkiliy, moddiy jihatdan va boshqacha tarzda ta’minlash xarajatlari; – hakamlik sudyalarining hakamlik muhokamasida ishtirok etishi bilan bog‘liq xarajatlari, shu jumladan nizoni ko‘rib chiqish joyiga borib kelish uchun to‘lanadigan yo‘l haqi xarajatlari; – hakamlik sudyalarining yozma va ashyoviy dalillarni mazkur dalillar turgan joyda ko‘zdan kechirish hamda tekshirish bilan bog‘liq xarajatlari; – ekspertlar va tarjimonlarga to‘lanishi lozim bo‘lgan summalar; – guvohlar tomonidan sarflangan xarajatlar; – hakamlik sudining hal qiluv qarori taraflardan qaysi birining foydasiga chiqarilgan bo‘lsa, o‘sha taraf vakilining xizmatlari haqini to‘lash xarajatlari; – hakamlik sudi tomonidan belgilanadigan boshqa xarajatlar. Hakamlik sudi xarajatlari miqdori nizo doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi yoki muvaqqat hakamlik sudi tomonidan hal etilayotganligiga qarab turlicha belgilanadi. Doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudi qoidalarida nizoni hakamlik sudida hal qilish bilan bog‘liq xarajatlar taraflar zimmasiga yuklatilgan bo‘lmasa, bu xarajatlar hakamlik tushumi summasiga kiritiladi. O‘z navbatida, hakamlik tushumi summasi doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudi muasssislari tomonidan belgilanadi. Bundan tashqari, doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudi qoidalarida hakamlik tushumidan tashqari taraflar to‘lashi kerak bo‘lgan xarajatlar ro‘yxati alohida ko‘rsatilishi lozim. Chunki hakamlik tushumida oldindan nizoni hal qilish bilan bog‘liq xarajatlar to‘liq ko‘rsatilmasligi mumkin.
Shuningdek, doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudi qoidalarida hakamlik tushumiga izoh berish va hakamlik tushumi summasiga kiritiladigan xarajatlar ro‘yxati ham ko‘rsatilishi lozim. Doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudlarida hakamlik tushumi summasiga hakamlik sudyalari gonorarlarini to‘lash va hakamlik muhokamasini tashkiliy, moddiy va boshqa tarzda ta’minlash bo‘yicha xarajatlar kiritiladi. Hakamlik sudi belgilaydigan boshqa xarajatlarni taraflar qo‘shimcha tarzda to‘laydilar. Doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudidan farqli ravishda, muvaqqat hakamlik sudida nizoni hal qilish bilan bog‘liq xarajatlar hakamlik bitimida kelishilgan bo‘lishi yoxud taraflar o‘rtasida hal etiladi. Nizoni O‘zbekiston Respublikasi hakamlik sudlarida hal qilish bilan bog‘liq xarajatlar so‘mda to‘lanadi. Da’vo talablarining ayrimlari milliy valyutada, ayrimlari esa chet el valyutasida arz qilinganda ham xarajatlar milliy valyuta (so‘m)da to‘lanadi. Chet el valyutalarini so‘mda hisoblash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan kurs asosida amalga oshiriladi. Hakamlik muhokamasini tashkiliy, moddiy jihatdan va boshqacha tarzda ta’minlash xarajatlari deganda, sud binosini ijaraga olish bilan bog‘liq xarajatlar, hakamlik sudi faoliyatini moddiy texnik jihatdan ta’minlash bilan bog‘liq xarajatlar nazarda tutiladi. Hakamlik sudyalarining hakamlik muhokamasida ishtirok etishi bilan bog‘liq xarajatlari doirasi keng bo‘lib, ularga hakamlik sudyalarining xizmat safari bilan bog‘liq xarajatlar (yo‘l xarajatlari, ovqatlanish, mehmonxonada turish), joyga chiqib yozma va ashyoviy dalillarni ko‘zdan kechirish hamda tekshirish bilan bog‘liq xarajatlarni o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, ish holatlaridan kelib chiqqan holda ekspert va tarjimon, guvohlar jalb qilingan bo‘lsa, ularga to‘lanishi lozim bo‘lgan xarajatlar ham hakamlik sudida nizoni hal qilish bilan bog‘liq xarajatlar tarkibiga kiradi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi Qonunining 20-moddasi birinchi qismida belgilangan xarajatlarni to‘lashi hakamlik muhokamasi qoidalarida belgilanmagan bo‘lsa, bunday xarajatlar hakamlik sudi xarajatlari tarkibiga kiritiladi. 2. Hakamlik yig‘imi, miqdori va to‘lash tartibi Hakamlik sudiga murojaat etganlik uchun hakamlik yig‘imi to‘lanadi. Hakamlik yig‘imi deganda hakamlik sudiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etilgan har bir da’vodan undiriladigan va hakamlik sudining faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan umumiy xarajatlarni qoplash uchun ishlatiladigan yig‘im (to‘lov) tushuniladi. Hakamlik yig‘imiga quyidagilar kiradi: – hakamlik sudyalariga beriladigan gonorarlar; – hakamlik sudi xodimlariga beriladigan ish haqi va gonorarlar; – hakamlik muhokamasining tashkiliy xarajatlariga kiruvchi bino uchun ijara haqi, yozuv qurollari, aloqa xizmati xarajatlari; – hakamlik muhokamasi bilan bog‘liq bo‘lmagan hakamlik sudining moddiy-texnik ta’minoti xarajatlari. Doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudida hakamlik yig‘imining miqdori hakamlik sudi tomonidan o‘rnatiladi. Muvaqqat hakamlik sudida hakamlik yig‘imining miqdori taraflar tomonidan belgilanadi. Hakamlik yig‘imi da’vo bahosiga nisbatan foizlarda belgilanadi. Bunda da’vo bahosini aniqlash muhim ahamiyat kasb etadi. Da’voning bahosi quyidagicha aniqlanadi: – pul mablag‘larini undirish to‘g‘risidagi da’volar bo‘yicha undiriladigan summaga qarab; – mol-mulkni talab qilib olish to‘g‘risidagi da’volar bo‘yicha shu mol- mulkning qiymatiga qarab; – huquqiy munosabatlarni haqiqiy deb topish yoki o‘zgartirish to‘g‘risidagi da’volar bo‘yicha da’vo arizasi taqdim etilayotgan paytda huquqiy munosabatlar predmetining qiymatiga qarab.
Bir necha talablardan iborat bo‘lgan da’volarda har bir talabning summasi alohida belgilanadi va umumiy da’vo bahosiga qo‘shiladi. Da’voning bahosi da’vogar tomonidan ko‘rsatilmagan yoki noto‘g‘ri ko‘rsatilgan taqdirda u hakamlik sudi tomonidan belgilanadi “O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Hakamlik sudida taraflarning hakamlik yig‘imi, xarajatlari va chiqimlari to‘g‘risida”gi Nizomning 4-moddasida hakamlik yig‘imi miqdori ko‘rsatilgan bo‘lib, hakamlik yig‘imining miqdori da’vo summasidan 1%, lekin eng kam ish haqining 3 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanadi. Nomulkiy tusdagi da’volar yuzasidan taqdim etilgan da’vo arizalari bo‘yicha da’vo bahosini aniqlash imkoni mavjud bo‘lmagan taqdirda hakamlik yig‘imi eng kam ish haqining 10 barobari miqdorida belgilanadi. Hakamlik yig‘imi milliy valyutada, lozim topilganda da’vo bahosi ko‘rsatilgan chet el valyutasida to‘lanadi. Taraflar hakamlik yig‘imini da’vo arizasining bahosi chet el valyutada belgilangan taqdirda ham milliy valyutada hakamlik yig‘imi to‘lanayotgan paytdagi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan muayyan valyutaga nisbatan belgilangan kurs bo‘yicha to‘lashga haqli. Hakamlik sudiga murojaat qilayotganda, da’vogar da’vo arizasini taqdim etishdan oldin hakamlik sudi hisobraqamiga hakamlik yig‘imini to‘laydi. Agarda hakamlik yig‘imi to‘lanmasa, hakamlik sudi da’voni ko‘rmasdan qoldirish to‘g‘risida ajrim chiqarishi mumkin. Hakamlik sudi hisob raqamiga pul mablag‘lari kelib tushishi bilan hakamlik yig‘imi to‘langan hisoblanadi. Qarshi da’vo taqdim etishda ham hakamlik yig‘imi to‘lashning umumiy qoidalari tatbiq etiladi. 3. Hakamlik yig‘imi miqdorini ko‘paytirish, kamaytirish, to‘lash muddatini kechiktirish yoki uzaytirish va qaytarish tartibi Hakamlik yig‘imi miqdori taraflarning iltimosiga binoan ko‘paytirilishi, kamaytirilishi, shuningdek to‘lash muddati kechiktirilishi yoki uzaytirilishi