O‘ZBEK TILI LEKSIKASINING TARIXIY TARAQQIYOTI. QO‘LLANILISHI CHEGARALANMAGAN VA CHEGARALANGAN LEKSIKA.
O‘ZBEK TILI LEKSIKASINING TARIXIY TARAQQIYOTI . QO‘LLANILISHI CHEGARALANMAGAN VA CHEGARALANGAN LEKSIKA. Reja: 1. Leksik ma’no taraqqiyotiga olib keluvchi nolisoniy va lisoniy omillar. 2. Hosila sememaning vujudga kelish yo‘llari: 1) metafora, 2) metonimiya, 3) sinek d oxa, 4) vazifadoshlik. 3. Hosila lug’aviy ma’nolarning lisoniylashuvi. 4. Leksik-semantik munosabatlar: 1) sinonimiya. 2) omonimiya. 3) antonimiya. 4) graduonimiya. 5) giponimiya. 6) partonimiya. 5. Leksik birliklarning qo’llanilishi chastotasiga ko’ra farqlanishi. 6 . Qo’llanilish doirasi chegaralangan leksika: dialektal leksika,terminologik leksika, jargon va argolar.
Hosila sememaning vujudga kelish yo‘llari. Hosila ma’no bir necha yo‘l bilan vujudga keladi: metafora, metonimiya, sinekdoxa va vazifadoshlik kabi. Hosila ma’nolar to‘g‘ri, bosh ma’no asosida paydo bo‘ladi. Metafora (gr. metaphora – ko‘chirish) – nutq mexanizmi, biror leksema denotatining tashqi, zohiriy o‘xshashligi asosida boshqa ma’noni ifodalash uchun ishlatilishi. Metaforik ma’no hosil bo‘lishi uchun quyidagidan biri sabab bo‘ladi: 1) bir so‘z boshqa so‘zga nisbatan so‘zlovchining ifoda maqsadiga ko‘proq mos va muvofiq bo‘ladi va shuning uchun birinchisi o‘rnida ikkinchisi qo‘llaniladi; 2) biror denotatning ifodalovchisi bo‘lmaydi va ma’lum bir so‘z boshqa denotatni ham ifodalash uchun qo‘llanadi. Demak, birinchi holda ko‘chirilayotgan so‘z denotatning ikkinchi atamasi bo‘lsa, ikkinchi holda birinchi atamasidir. Masalan, quyi so‘zi anglatadigan ma’noni etak so‘zi qulayroq va to‘laroq ifodalaganligi bois tog‘ning quyi tomoniga nisbatan etak so‘zi ishlatilgan. O‘zbek tilida dengizdagi o‘ziga xos jo‘g‘rofiy o‘rinning nomi bo‘lmaganligi bois qo‘ltiq so‘zi unga nisbatan ham qo‘llanadi. Metafora hodisasi asosan, ot turkumi doirasida, qisman fe’lda uchraydi: Qush uchdi. Samolyot uchdi qurilmalarining ikkinchisida uchmoq fe’li ifodalagan harakat qushning havodagi qanotlarini silkitib qilgan parvoziga o‘xshaydi. Shu boisdan uchmoq fe’li ifodalagan keyingi ma’no metaforik ma’no. Metafora hosila ma’no hosil qilishning keng tarqalgan usuli sifatida badiiy uslubning, nutqning eng muhim vositasidan hisoblanadi. Metaforik hosila ma’no nutqda juda ko‘p uchraydi. Ammo ularning lisoniylashgani – sememaga aylangani nisbatan kam. Qanot (samolyot), uchmoq , og‘iz (qop) kabi leksemalarning ushbu hosila ma’nosi metaforik semema. Metaforik yo‘l bilan hosil bo‘lgan semema davrlar o‘tishi bilan o‘ziga xos atash semalari kasb etishi natijasida bosh sememasidan uzoqlashib, mustaqil holga kelishi, omonimik tabiatga ega bo‘lishi mumkin. Masalan, adabiyotshunoslik termini sifatidagi fojia umumiste’mol qo‘llanishdagi fojia so‘zidan ma’noviy jihatdan uzilib, ularning nomemalari omonimik munosabatga ega bo‘lgan.
Shuningdek, jo‘g‘rofiy termin bo‘lgan qo‘ltiq umumiste’moldagi qo‘ltiq leksemasining omonimiga aylangan. Sinekdoxa (gr. synekdoche – “nisbatlash”) yo‘li bilan hosil qilingan ko‘chma ma’no deganda, biror narsaning nomi bilan uning biror qismini atash va, aksincha, biror narsaning qismi bilan u mansub butunni atash tushuniladi: 1. Besh qo ‘ l ini og‘ziga tiqadi. 2. Ochildiboy tirnoq qa zor edi. Sinekdoxik yo‘l bilan hosil qilingan ma’noni ham lisoniy va nutqiy ma’noga bo‘lish mumkin. Masalan, keltirilgan qo‘l , tirnoq leksemalarining sinekdoxik ma’nosi sememalashgan. Stol sindi , eshik buzildi gaplaridagi stol so‘zining « oyoq» (stolning oyog‘i), eshik so‘zining « qulf» (eshikning qulfi) hosila ma’nolari nutqiy sinekdoxik ma’noga misol. Ammo har qanday butunlik nomi bilan qismni, qismning nomi bilan butunni atab bo‘lmaydi. Masalan, daraxt va shox, barg, tana, ildiz, meva butun va qismdir. Lekin barg deganda hech qachon daraxt anglashilmaydi. Ammo meva masalan, olma atamasi orqali daraxt ham ifodalanadi. Metonimiya (grekcha: metonymia – “qayta nomlash”) ifodalan-mishlarining o‘zaro bog‘liqligi, aloqadorligi asosida bir ifodalovchining boshqa ifodalovchi uchun ishlatilishi. Metonimiya ham yangi ma’no hosil qilish jarayoni va bu jarayon natijasining barqarorligiga ko‘ra lison va nutqqa daxldor hodisa. Boshqacha aytganda, metonimik hosila ma’no sof nutqiy yoki lisoniy(lashgan) bo‘lishi mumkin. Metonimik ma’nolarning asosiy ko‘rinishlariga misol keltiramiz: 1) bir narsa predmetning nomi bilan shu predmetdagi boshqa bir narsa ataladi: a) stakan – 1- ichimliklar uchun ishlatiladigan silindr ko‘rinishdagi shisha idish; 2- bir stakan hajmiga teng suyuqlik miqdori (bir stakan suv); b) dasturxon – 1- o‘rtaga yozilib ustiga oziq-ovqat qo‘yiladigan mato materialli ro‘zg‘or buyumi; 2- yeyish uchun o‘rtaga qo‘yilgan oziq-ovqat. 2) materialning nomi shu materialdan yasalgan mahsulotga o‘tadi: a) kumush – 1- oq-ko‘kish rangli yaltiroq tusli asl metall; 2- kumushdan zarb qilingan pul, tanga;
b) qog‘oz – 1- yozish, chizish, kitob, gazeta, jurnal boshqa hamda boshqa shunga o‘xshash maqsadda ishlatiladigan yog‘och, eski latta-putta va shular kabidan tayyorlangan yupqa material; 2- varaq, bet. 3) joy nomi bilan shu joyda yashovchi kishilar ataladi: a) qishloq – 1- aholisi ko‘proq qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanuvchi aholi punkti; qishloq – 2- qishloqda yashovchi kishilar ( Qishloq nima deydi? ). 1) harakat ifodalovchisi bilan uning natijasi yoki unga aloqador bo‘lgan jarayon nomlanadi: to‘y – 1- yeb-ichish natijasida nafsni qondirmoq; 2- bazm-tomosha bilan ziyofat berib o‘tkaziladigan marosim. 4) predmetning nomi bilan shu predmet hosilasi ataladi: a) til – 1- og‘iz bo‘shlig‘ida harakatlanuvchi nutq a’zosi; 2 -shu nutq a’zosi harakati natijasida hosil bo‘lgan nutq; b) Navoiy – 1 o‘zbek mutafakkir shoiri; 2- Alisher Navoiy asari. Ko‘rinadiki, metonimik hosila ma’noning ayrimi sof lisoniy mohiyat kasb etgan bo‘lsa, ayrimi nutqiy sathdagina mavjud. Masalan, Navoiyni o‘qidim gapidagi Navoiy so‘zi ellipsis natijasida tushib qolgan asar so‘zining ma’nosini ifodalamoqda va u sof nutqiy xarakterga ega. Ammo keltirilgan dasturxon 2, to‘y 2, qog‘oz 2, kumush 2 ma’nolari lisoniylashgan, sememaga aylangan metonimik ma’no. Metonimik hosila ma’noning vujudga kelishi, asosan, lisoniy bog‘lanish emas, balki obyektiv borliq hodisalari orasidagi nolisoniy aloqadorlik bilan bog‘langan. Vazifadoshlik – semema vujudga kelishining asosiy yo‘llaridan biri. Vazifadoshlik asosida semema vujudga kelishi ham, metaforada bo‘lgani kabi, o‘xshashlikka asoslanadi. Biroq metaforada tashqi ko‘rinishdagi o‘xshashlikka asoslanilsa, vazifadoshlikda bajariladigan vazifaning o‘xshashligi asosida yangi ma’no vujudga keladi. Masalan, dastlab kamonning paykoni o‘q deb atalgan. Miltiq kashf etilgach, uning porox to‘ldirilgan pistonli gilzasi ham paykonniki kabi vazifa (ya’ni o‘ldirish)ni bajarganligi bois o‘q deb ataladi. Rus tilidagi pero (pat) so‘zining bugungi ma’nosi ham shunday ma’noviy taraqqiyotga ega. Ma’lum
bo‘ladiki, vazifadoshlik asosida vujudga kelgan hosila ma’no nafaqat mustaqil semema darajasiga etadi, balki o‘ziga asos bo‘lgan bosh, asosiy sememadan ham ko‘ra faollashib, qo‘llanish doirasi kengayib ketadi. Masalan, ilgari ko‘mir so‘zi «ko‘mib yondirish yo‘li bilan o‘tindan tayyorlangan yoqilg‘i» sememasiga ega edi. Bugungi kunda bu semema tarixiylashib, u «yer qatlamida tabiiy yo‘l bilan hosil bo‘lgan qattiq va qora rangli yoqilg‘i» hosila sememasi bilan nutqimizda yashaydi. Ma’lum bo‘ladiki, leksema semantikasidagi lisoniy o‘zgarish quyidagi natijalarga olib keladi: 1. Leksema nutqiy ma’nosining ixtisoslashuvi natijasida yangi sememaning vujudga kelishi. «Qushning ikki yonida harakatlanib uchish vositasi» sememasigagina ega bo‘lgan qanot leksemasi bugungi kunda «samolyotning ikki yonidan chiqib turgan havoda suzish va muallaq turish vositasi» sememasiga ham ega polisemantik leksemaga aylangan. 2. Aniq ma’noning mavhum ma’noga aylanishi natijasida ixtisoslashuvga zid ma’noviy kengayish yuz berib, yangi sememaning vujudga kelishi. Masalan, otlanmoq leksemasining dastlabki sememasi «otga minish» bo‘lib, bugungi kunda bu semema o‘ta kuchsizlanib, leksema, asosan, «biror joyga borish uchun hozirlanish» sememasi bilan yashaydi. 3. Leksema semantik imkoniyatining torayishi. Leksema sememasining biror tomondan ixtisoslashuvi boshqa sememaning butkul so‘nishiga olib keladi. Masalan, keng qamrovli tushunchani ifodalovchi so‘zlarning qamrovi torayib ketadi. Bu, ayniqsa, turdosh otning atoqli otga aylanishida, so‘zning terminologik mohiyat kasb etishida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Hosila lug’aviy ma’nolarning lisoniylashuvi. B ugungi kunda tilda lison va nutqning izchil farqlanayotganligi, shuningdek, o’zbek tilshunosligida lisoniy qiymat tushunchasining olib kirilayotganligi ko’p ma’noli so’zlar hosila ma’nolarining va nutqqa munosabatini belgilashni zarur qilib qo’yadi. Avvalo, «ma’no ko’chishi» atamasi munozarali ekanligiga diqqatni qaratmoqchimiz. [ko’chmoq] fe’li umumiste’mol qo’llanishda biror narsaning bir nuqtadan ikkinchi bir nuqtaga o’tishi ma’nosida tushuniladi va bunda narsaning