O‘zbekiston Respublikasida ta`lim tizimini rivojlantirishning konseptual asoslari
O‘zbekiston Respublikasi da ta`lim tizimini rivojlantirishning konseptual asoslari REJA: 1. O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risda”gi Qonuni . 2. O‘zbekiston Respublikasining ta’lim sohasidagi davlat siyosati mazmuni asosiy tamoyillari. 3. Ta’lim tizimi va turlari.
RQ-637-son 23.09.2020 O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI TA’LIM TO‘G‘RISIDA Qonunchilik palatasi tomonidan 2020 yil 19 mayda qabul qilingan Senat tomonidan 2020 yil 7 avgustda ma’qullangan 1-BOB. UMUMIY QOIDALAR 1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi Ushbu Qonunning maqsadi ta’lim sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. 2-modda. Ta’lim to‘g‘risidagi qonun hujjatlari Ta’lim to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir. Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining ta’lim to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi. 3-modda. Asosiy tushunchalar Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi: davlat akkreditatsiyasi — davlat ta’lim muassasalari va tashkilotlari, shuningdek nodavlat ta’lim tashkilotlari (bundan buyon matnda ta’lim tashkilotlari deb yuritiladi) faoliyatining davlat ta’lim standartlari va davlat ta’lim talablariga hamda o‘quv dasturlariga muvofiqligining davlat tomonidan e’tirof etilishi hamda ularning bitiruvchilariga ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatlarni topshirish huquqining taqdim etilishidan iborat jarayon; davlat ta’lim muassasasi — davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan davlat mulki bo‘lgan mol-mulk negizida tashkil etilgan, davlat ta’lim standartlariga va davlat ta’lim talablariga muvofiq ta’lim beradigan muassasa; davlat ta’lim standartlari — davlat tomonidan ta’limning mazmuni va sifatiga nisbatan belgilanadigan talablar majmui; davlat ta’lim talablari — ta’limning tuzilmasiga, mazmuniga va uni amalga oshirish shart-sharoitlariga, shuningdek ta’lim oluvchilarning jismoniy, shaxsiy, intellektual, ilmiy hamda kasbiy sifatlariga qo‘yiladigan majburiy talablar; malaka — shaxsning kasbiy faoliyatning muayyan turini bajarishga tayyorgarligini ifodalaydigan, ma’lumot to‘g‘risidagi tegishli hujjat bilan tasdiqlanadigan bilim, qobiliyat, mahorat va ko‘nikmalar darajasi; mutaxassislik — malaka berish bilan yakunlanadigan muayyan kasbiy tayyorgarlik turining nomi; nodavlat ta’lim tashkiloti — davlat ta’lim standartlari, davlat ta’lim talablari va o‘quv dasturlariga muvofiq ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan litsenziya asosida ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxs;
tarbiya — aniq maqsadli hamda ijtimoiy-tarixiy tajriba asosida yosh avlodni har tomonlama kamol toptirishga, ularning ongini, ma’naviy-axloqiy qadriyatlar va dunyoqarashini shakllantirishga qaratilgan tizimli jarayon; ta’lim — ta’lim oluvchilarga chuqur nazariy bilim, malakalar va amaliy ko‘nikmalar berishga, shuningdek ularning umumta’lim va kasbiy bilim, malaka hamda ko‘nikmalarini shakllantirishga, qobiliyatini rivojlantirishga qaratilgan tizimli jarayon; ta’lim kampusi — yagona hududda birlashtirilgan o‘quv binolarini, ilmiy- tadqiqot institutlarini (markazlarini), ishlab chiqarish majmualari va texnoparklarni, ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining vaqtincha yashash joylarini, laboratoriyalarni, axborot-resurs markazlarini (kutubxonalarni), sport inshootlarini, umumiy ovqatlanish ob’ektlarini o‘z ichiga olgan binolar hamda inshootlar majmuidan iborat bo‘lgan, o‘quv jarayoni, ma’naviy-axloqiy tarbiyaning yuqori samaradorligini ta’minlaydigan ta’lim-tarbiya muhiti; ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari — ta’lim oluvchilar, voyaga etmagan ta’lim oluvchilarning ota-onalari yoki boshqa qonuniy vakillari, pedagog xodimlar va ularning vakillari; ta’lim tashkilotlari attestatsiyasi — ta’lim tashkilotlarining faoliyatini baholash, davlat ta’lim standartlari, davlat ta’lim talablari hamda o‘quv dasturlariga muvofiq kadrlar tayyorlash mazmuni, darajasi va sifatini aniqlash bo‘yicha davlat nazoratining asosiy shakli. 4-modda. Ta’lim sohasidagi asosiy prinsiplar Ta’lim sohasidagi asosiy prinsiplar quyidagilardan iborat: 1) ta’lim ustuvorligining tan olinishi; 2) ta’lim olish shaklini tanlash erkinligi; 3) ta’lim sohasida kamsitishlarga yo‘l qo‘yilmasligi; 4) ta’lim olishga doir teng imkoniyatlarning ta’minlanishi; 5) ta’lim va tarbiyaga milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarning singdirilganligi; 6) ta’lim va tarbiyaning insonparvarlik, demokratik xususiyati; 7) ta’limning uzluksizligi va izchilligi; 8) o‘n bir yillik ta’limning hamda olti yoshdan etti yoshgacha bo‘lgan bolalarni bir yil davomida umumiy o‘rta ta’limga tayyorlashning majburiyligi; 9) davlat ta’lim standartlari va davlat ta’lim talablari doirasida ta’lim olishning hamma uchun ochiqligi; 10) o‘quv dasturlarini tanlashga doir yondashuvning yagonaligi va tabaqalashtirilganligi; 11) insonning butun hayoti davomida ta’lim olishi; 12) jamiyatda pedagoglarni ijtimoiy himoya qilishning kafolatlanganligi; 13) ta’lim tizimining dunyoviy xususiyatga egaligi; 14) bilimlilik, qobiliyatlilik va iste’dodning rag‘batlantirilishi; 15) ta’lim tizimida davlat va jamoat boshqaruvining uyg‘unligi; 16) ta’lim faoliyati sohasidagi ochiqlik va shaffoflik.
5-modda. Ta’lim olish huquqi Jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, har kimga ta’lim olish uchun teng huquqlar kafolatlanadi. Ta’lim olish huquqi: ta’lim tashkilotlarini rivojlantirish; ta’lim tashkilotlarida innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash va o‘quv dasturlarini innovatsion texnologiyalarni qo‘llagan holda amalga oshirish; ishlab chiqarishdan ajralgan (kunduzgi) va ajralmagan holda (sirtqi, kechki, masofaviy) ta’lim olishni tashkil etish; kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish; umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta’limni va boshlang‘ich professional ta’limni bepul olish; oilada yoki mustaqil o‘qish orqali ta’lim olgan fuqarolarga, shuningdek umumiy o‘rta ta’lim olmagan shaxslarga akkreditatsiyadan o‘tgan davlat ta’lim muassasalarida eksternat tartibida attestatsiyadan o‘tish huquqini berish orqali ta’minlanadi. CHet ellik fuqarolar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga va qonun hujjatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasida ta’lim olishga haqlidir. O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ta’lim olish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng huquqlarga ega. 2-BOB. TA’LIM TIZIMI, TURLARI VA SHAKLLARI 6-modda. Ta’lim tizimi Ta’lim tizimi: davlat ta’lim standartlarini, davlat ta’lim talablarini, o‘quv rejalari va o‘quv dasturlarini; davlat ta’lim standartlarini, davlat ta’lim talablari va o‘quv dasturlarini amalga oshiruvchi ta’lim tashkilotlarini; ta’lim sifatini baholashni amalga oshiruvchi tashkilotlarni; ta’lim tizimining faoliyat ko‘rsatishi va rivojlanishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan tadqiqot ishlarini bajaruvchi ilmiy-pedagogik muassasalarni; ta’lim sohasidagi davlat boshqaruvi organlarini, shuningdek ularning tasarrufidagi tashkilotlarni o‘z ichiga oladi. Ta’lim tizimi yagona va uzluksizdir. 7-modda. Ta’lim turlari Ta’lim turlari quyidagilardan iborat: 1) maktabgacha ta’lim va tarbiya; 2) umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim; 3) professional ta’lim; 4) oliy ta’lim; 5) oliy ta’limdan keyingi ta’lim; 6) kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
7) maktabdan tashqari ta’lim. 8-modda. Maktabgacha ta’lim va tarbiya Maktabgacha ta’lim va tarbiya bolalarni o‘qitish va tarbiyalashga, ularni intellektual, ma’naviy-axloqiy, etik, estetik va jismoniy jihatdan rivojlantirishga, shuningdek bolalarni umumiy o‘rta ta’limga tayyorlashga qaratilgan ta’lim turidir. Maktabgacha ta’lim va tarbiya olti yoshdan etti yoshgacha bo‘lgan bolalarni boshlang‘ich ta’limga bir yillik majburiy tayyorlashni ham nazarda tutadi. Maktabgacha ta’lim va tarbiyani tashkil etish tartibi ushbu Qonun, shuningdek «Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan belgilanadi. 9-modda. Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim umumta’lim o‘quv dasturlarini, zarur bilim, malaka hamda ko‘nikmalarni o‘zlashtirishga qaratilgan. Umumiy o‘rta ta’lim (I — XI sinflar) bosqichlari quyidagilardan iborat: boshlang‘ich ta’lim (I — IV sinflar); tayanch o‘rta ta’lim (V — IX sinflar); o‘rta ta’lim (X — XI sinflar). Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotining birinchi sinfiga bolalar ular etti yoshga to‘ladigan yilda qabul qilinadi. Boshlang‘ich ta’lim ta’lim oluvchilarda umumiy o‘rta ta’limni davom ettirish uchun zarur bo‘lgan savodxonlik, bilim, malaka va ko‘nikmalar asoslarini shakllantirishga qaratilgan. Tayanch o‘rta ta’lim o‘quv dasturiga muvofiq ta’lim oluvchilarga bilim, malaka va ko‘nikmalarning zaruriy hajmini beradi, ularda mustaqil fikrlash va tahlil qilish qobiliyatini rivojlantiradi. Tayanch o‘rta ta’lim doirasida (VII sinfdan so‘ng) ta’lim oluvchilarda kasblar bo‘yicha birlamchi bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish uchun ularni professional tashxislash va kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha choralar amalga oshiriladi. O‘rta ta’lim o‘quv dasturiga muvofiq ta’lim oluvchilar tomonidan zarur bilim, malaka va ko‘nikmalar o‘zlashtirilishini, shuningdek ta’limning keyingi turi tanlanishini hamda yuqori malaka talab qilinmaydigan kasblar egallanishini ta’minlaydi. Professional tashxislash va kasb-hunarga yo‘naltirish, shuningdek ta’lim oluvchilarni yuqori malaka talab qilinmaydigan kasblarga tayyorlash tartibi qonun hujjatlarida belgilanadi. Umumiy o‘rta ta’lim umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida uzluksiz tarzda, majburiy bo‘lgan o‘n bir yil davomida amalga oshiriladi. O‘rta maxsus ta’lim akademik litseylarda to‘qqiz yillik tayanch o‘rta ta’lim asosida ikki yil mobaynida amalga oshiriladi va ta’lim oluvchilarning intellektual qobiliyatlarining jadal rivojlanishini, shuningdek chuqur, tabaqalashtirilgan, kasb- xunarga va shaxsga yo‘naltirilgan ta’lim olishini ta’minlaydi.