O‘zbekiston tarixi davlat muzeyining takomillashuvi va yangi ilmiy konsepsiyasi xususiyatlari
O‘zbekiston tarixi davlat muzeyining takomillashuvi va yangi ilmiy konsepsiyasi xususiyatlari Reja: 1. O‘zbekiston tarixi davlat muzeyining yangi ilmiy konsepsiyasi. 2. O‘zbekiston tarixi davlat muzeyining takomillashuvi va faoliyati.
1. O‘zbekiston tarixi davlat muzeyining yangi ilmiy konsepsiyasi. O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, muzeylar faoliyatida ham ulkan o‘zgarishlar ro‘y bergani yuqorida aytildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 21 apreldagi 203-sonli qaroriga muvofiq, sobiq Xalqlar do‘stligi, Antikvariat, Lenin muzeylari O‘zbekiston xalqlari tarixi muzeyiga qo‘shib yuborilib, ular asosida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi tashkil etildi hamda u sobiq Lenin muzeyi binosiga joylashtirildi. Aytish mumkinki, o‘zbek xalqi tarixi, o‘tmishi, madaniyati va qadriyatlariga e’tibor berish mustaqil O‘zbekistonning davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Chunki tarixiy xotira va o‘tmish bilan bog‘liq qadriyatlar xalqning o‘zligini anglashda muhim vositadir. O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi endilikda o‘zining qariyb 130 yillik faoliyati davomida ilk marotaba o‘zbek xalqining tarixini xolisona ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Mustabid sovet tuzumi davrida taqiqlangan mavzular: o‘zbek xalqining davlatchilik tarixi, buyuk mutafakkirlar, Amir Temur va temuriylar davri, qatag‘on yillari, «Paxta ishi», O‘sh, Bo‘ka Farg‘ona fojealari kabi tariximizning eng muhim sahifalarini xolisona yoritish qayta tashkil etilgan muzeyning asosiy vazifasi etib belgilandi. Muzey hozirgi kunda O‘rta Osiyo va O‘zbekiston xalqlarining moddiy va ma’naviy osori-atiqalarini saqlash hamda o‘rganish bo‘yicha jahondagi eng boy va yirik ilmiy tadqiqot markazi hisoblanadi. Uning fondlarida 250 mingga yaqin tarixiy, san’at va madaniyat yodgorliklariga oid noyob buyumlar saqlanmoqda 1 . XX asrning boshlarida muzeyda to‘plangan Turkiston o‘lkasining moddiy boyliklari: arxeologiya, etnografiya, numizmatika, tabiat tarixi, zoologiya, geologiya, milliy liboslar, sharq qo‘lyozmalari, qurol-yarog‘lar kolleksiyalari ayrim «olimlar», alohida shaxslar tomonidan o‘zlashtirilib, dunyoning turli burchaklariga tashib ketilgani ham kuzatiladi. Mustabid sovet tuzumi davrida o‘zbek xalqining tarixi, madaniyati va ma’naviyatini o‘zida aks ettirgan noyob buyumlar Vatanimizdan tashqaridagi 1 Исмоилова Ж. Х. Илмий ва маърифий маскан // Мозийдан садо. – Тошкент, 2004. – №1. – Б. 2-3.
muzeylar, xususan Rossiyadagi muzeylar kolleksiyalarini boyitdi. O‘zbekiston tarixi davlat muzeyining 1943 yildan boshlab Respublika Fanlar akademiyasi tarkibiga qo‘shilishi muhim ahamiyat kasb etib, uning faoliyatini butunlay o‘zgartirib yubordi. Muzey nafaqat madaniy, balki ilmiy markazlardan biriga aylanishi uchun asos bo‘ldi. Muzey binosi 1970 yilda Toshkent markazida bunyod etilib, poytaxtning eng muhtasham inshootlaridan hisoblanadi. Ko‘rinishi jahatdan bino nomutanosib kub shaklida bo‘lib, Sharq me’morchiligida umrboqiylik ramzini anglatadi. Binoda o‘zbek me’morchiligining an’anaviy va zamonaviy jihatlari o‘z aksini topib, oddiy geometrik shakllar, rang-barang va boy sath, naqshlari bilan mujassamlashib ketgan. Muzeyga kirish eshigi qo‘qonlik mashhur usta K.Haydarovning yog‘och o‘ymakorligi san’ati namunasidir. Kirish zali balandligi bo‘yicha 3 qavatga loyihalashtirilgan. Muzeyning doimiy ekspozitsiyasi 2003 yili yangidan yaratilib, u O‘zbekistonning eng qadimgi davridan hozirgi kunigacha bo‘lgan tarixini aks ettiradi. Ekspozitsiyaning umumiy maydoni 2000 m 2 ni tashkil etib, unda 12 mingga yaqin eksponat o‘rin olgan. Ekspozitsiya ibtidoiy jamoa davri ko‘rgazmasidan boshlanadi. Taqdim etilgan eksponatlar O‘rta Osiyoda, xususan O‘zbekistonda odamlarning Seleng‘ur g‘ori davridan yashay boshlaganini tasdiqlovchi toshdan mehnat qurollari ko‘rgazmasidan boshlanadi. Teshiktosh g‘orida ochilgan dunyoga mashhur neandertal bola skeleti va uning qabri, tevaragiga qadalgan arhar shoxlari, Zarautsoyda topilgan qoyatosh tasvirlari, jez davriga oid moddiy qadriyatlarni namoyish etuvchi Sopollitepa, Jarqo‘ton, Chust va boshqa manzillardan topilgan ashyo va buyumlar katta ilmiy ahamiyatga ega. Muzeyda O‘rta Osiyodagi eng qadimgi davlat uyushmalari, ularning Eron ahmoniylari, Iskandar boshchiligidagi yunon-makedon bosqinchilariga qarshi kurashlari, Yunon-Baqtriya, Qang‘ va Kushon podsholiklari davri ham o‘z ifodasini topgan. Yurtimizdagi qadimgi Xorazm, Kushon podsholiklari madaniyati yuksak rivojini aks ettiruvchi tarixiy buyum, dastlabki yozuvlar namunalari ham ko‘rgazmadan munosib o‘rin olgan.
Ilk o‘rta asrlar, arablarning O‘rta Osiyoni istilo qilishi, xalifalikdan keyingi dastlabki mahalliy sulolalar davri, mo‘g‘ullar istilosi, Amir Temur va Temuriylar davri, Buxoro, Xiva, Qo‘qon xonliklari tarixiga oid ashyolar muzey ko‘rgazmasining davomini tashkil etadi. Ekspozitsiyada VI–VII asrlarga oid Fayoztepadan topilgan Budda haykali, Varaxsha, Afrosiyobdan chiqqan devoriy tasvirlar namunalari, Usmon «Qur’oni»ning ko‘chirma nusxasi, Oburdon qishlog‘idan keltirilgan o‘ymakor ustun va boshqalar o‘rin olgan. Qadimgi Yunon- Baqtriya, Kushon podsholiklari, Ko‘hna Xorazm, ilk o‘rta asrlarga oid Naxshob, Buxoro, Choch, Samarqand tangalari ham ko‘rgazmadan munosib o‘rin olib, ularda mahalliy hukmdorlar tasviri, tamg‘alari, ismi, unvonlari zarb etilgani diqqatga sazovordir. Tohiriylar, Somoniylar, Qaraxoniylar, Chingiziylar, Temuriylar, Shayboniylar va Ashtarxoniylar, Buxoro, Xiva va Qo‘qon xonliklari tangalari ekspozitsiyaning uzviy davomi bo‘lib, ushbu davr pul muomalasi haqida zarur ma’lumotlar beradi. Ekspozitsiyada mehnat qurollari, maishiy turmush bilan bog‘liq buyumlar ham talaygina. Vatanimizning o‘rta asrlardagi yuksak fan va madaniyatiga oid ma’lumotlarni ko‘rgazmaning Al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abulg‘ozi Bahodirxonga bag‘ishlangan bo‘limidan topamiz. Ekspozitsiyaning navbatdagi to‘rtinchi qavatida joylashgan qismida O‘zbekistonning rus mustamlakachiligi davri tarixini namoyish etadigan eksponatlardan boshlanadi. Ko‘rgazmada Rossiya tomonidan o‘zbek xonliklarining bosib olinishi, podsho ma’muriyati zulmi, Turkistonning xom ashyo bazasiga aylanishi aks ettirilgan. Mustamlakachilik zulmiga qarshi milliy ozodlik harakatlari, qo‘zg‘alonlar alohida bo‘limda namoyish etilgan. Ekspozitsiya davomida sovetlar davri tarixi, 1917–1991 yillarda O‘zbekiston taraqqiyotidagi yutuq va kamchiliklar, ijobiy va salbiy xususiyatlar eksponatlarda o‘z aksini topgan. Yangi ekspozitsiyaning asosiy bo‘limini Mustaqil O‘zbekiston Respublikasining tarixi egallaydi. Unda O‘zbekistonning mustaqillikni
mustahkamlash yo‘lida qo‘ygan ilk qadamlari, uning jahon davlatlari tomonidan e’tirof etilishi, xorijiy davlatlar bilan o‘zaro manfaatdorlik asosidagi aloqalarini aks ettiruvchi fotosuratlar, hujjatlar o‘rin olgan 2 . To‘qimachilik, kashtachilik, kandakorlik va zargarlik buyumlari kolleksiyalari o‘zlarining yorqin ranglari, tayyorlanish usullari, naqshlarining rang- barangligi bilan turli hunarmandchilik maktablari yo‘nalishlarini aks ettirdilar. Ularning namunalari maxsus elshunoslikka oid ko‘rgazmadan o‘rin olgan. Unda qo‘li gul o‘zbek ustalarining asrlar osha bizgacha yetib kelgan beqiyos did va mahorat bilan ishlagan, serjilo va fusunkor nozik amaliy san’at namunalari qo‘yilgan. 2. O‘zbekiston tarixi davlat muzeyining takomillashuvi va faoliyati. O‘zbek xalqining boy tarixiy an’analari, urf-odatlari va hunarmandchiligini o‘rganishda muzeydagi kolleksiyalarni to‘plash va ular asosida ilmiy tadqiqotlarning uzviy ravishda olib borilishi tarix fanining rivojiga o‘zining salmoqli hissasini qo‘shdi deb aytish mumkin. Albatta bu borada yetakchi muzeyshunoslarning xizmatlarini alohida ta’kidlab o‘tish zarur. Muzey ilmiy xodimlari tomonidan 1950 yildan boshlab «O‘zbekiston xalqlari tarixi muzeyi ishlari», 1960 yillardan boshlab esa «O‘zbekiston tarixiga oid materiallar» nomli ilmiy maqolalar to‘plami chop etila boshlandi. Ushbu to‘plamlardagi maqolalarda o‘zbek xalqining tarixi, madaniyati, muzeyshunoslik va uning muammolari o‘z aksini topdi 3 . Muzeydagi arxeologiya fondida qazishmalar paytida turli yodgorliklardan topilgan devoriy tasvirlar, uy-ro‘zg‘or buyumlari, mehnat qurollari, qadimiy yozuvlar tasvirlangan ashyolar va boshqa jihozlar saqlanadi. Bu ashyolar xalqimizning qadimiy tarixini yoritishda katta ahamiyatga egadir. Arxeolog olimlar, jumladan L.A.Albaumning 1950–1980 yillardagi ekspeditsiyalari natijasida Varaxsha, Afrosiyob, Bolaliktepa, Fayoztepa yodgorliklari ochildi. Ulardan topilgan osori-atiqalar ilk o‘rta asrlardagi xalqimiz madaniyati, san’ati haqida hikoya qiladi. Ayniqsa, Fayoztepadan (Surxondaryo) topilgan buddaviylik 2 Бекмуродов М.Б. Рашидова М.Х. Музейшунослик. Тошкент: Ворис-Али, 2006. – Б. 52. 3 Исмоилова Ж. Х. Илмий ва маърифий маскан // Мозийдан садо. – Тошкент, 2004. – №1. – Б. 2-3.