OILADA TARBIYA ASOSLARI.
MAVZU: OILADA TARBIYA ASOSLARI. R E J A : 1. Oila haqida tushuncha. 2. Oila va islom. Donishmandlar oila haqida . 3. Oila tarbiyasining mohiyati. 4. Oilada tarbiyani tashkil etish shakl, metod va vositalari . 5. Tarbiya jarayonida oila, maktab va mahalla hamkorligi .
Oila haqida tushuncha. Oila – kishilarning nikoh yoki qon-qarindoshlik rishtalari, umumiy turmush tarzi, axloqiy mas’uliyat hamda o’zaro yordamga asoslanuvchi kichik guruhi. «Jamiyat» va «oila» tushunchalari bir-biri bilan chambarchas bog’liq. Bu bog’liqlik jamiyatning oilalarsiz mavjud bo’lmasligi hamda o’z navbatida oilaning ma’lum bir jamiyat tarkibida vujudga kelishi va yashovchanligida ko’rinadi. Oila hamda jamiyat o’rtasidagi ijtimoiy munosabatlar ikki tomonlama aloqadorlik xususiyatiga ega. Har bir oila umumjamiyat talablari asosida faoliyat yuritadi. Jamiyat taraqqiyotining rivoji esa uning bag’rida mavjud bo’lgan oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy qiyofasining shakllanganlik darajasiga bevosita bog’liqdir. Chunonchi, ijtimoiy borliqning oilalar zimmasiga qo’yadigan talablari ularning manfaatlariga zid bo’lmasa, aksincha, oilalar farovonligi, tinchligini ta’minlashga yordam bersa, oilalar tomonidan ijtimoiy talablarning qo’llab-quvvatlanishi, ularning amaldagi ijrosini ta’minlash ko’rsatkichi shuncha yuqori bo’ladi. Ilmiy-pedagogik, psixologik, fiziologik hamda falsafiy asarlarning tahlili shuni ko’rsatdiki, oila bola uchun eng asosiy tarbiya muhiti bo’lib, bu muhitda shaxs kamoloti uchun muhim hisoblangan xulq-atvor, iroda, xarakter va dunyoqarash shakllanadi. Bola oila timsolida jamiyatning ijtimoiy-ma’naviy qiyofasini ko’radi, jamiyat talablari mohiyatini ilk bora shu kichik jamoa orasida, oilaviy munosabatlarni tashkil etish jarayonida anglaydi. Oilaviy munosabatlar – ota-onalar yoki bolaning kamoloti uchun mas’ul bo’lgan shaxslar (buva-buvilar) hamda farzandlar o’rtasida turli yo’nalishlarda tashkil etiluvchi munosabatlardir. Oilaviy munosabatlar farzandlarning aqliy, ruhiy kamolotini ta’minlab, ota- onalarda o’ziga xos faollikni ham yuzaga keltiradi. Xususan, farzandlarning bevosita ta’siri tufayli ularning qiziqish hamda faoliyatlari doirasi kengayadi, o’zaro aloqalari mazmunan boyib boradi, real hayot mohiyatini chuqurroq anglash, ya’ni, farzandlar kamoloti, kelajagi timsolida o’z umri davomiyligini ko’rish holati ro’y beradi.
Shaxsning ma’naviy sifatlarga ega bo’lishi, unda ma’naviy bilimlarni egallashga nisbatan ehtiyoj va qiziqishning paydo bo’lishida oila tarbiyasi asosiy rolni bajaradi. Oilada qaror topgan sog’lom ma’naviy-ruhiy muhit farzandlarning yetuk, barkamol bo’lib voyaga yetishlari uchun beqiyos ahamiyatga egadir. Sharqda azal-azaldan oila tarbiyasiga yuksak baho berib kelingan. Totalitar tuzum davrida esa oilaning shaxs tarbiyasida tutgan o’rni inkor etilib, uni ijtimoiy borliq vositasida tarbiyalashga harakat qilindi. O’zbekiston Respublikasida mustaqillik yillarida fuqarolarda milliy o’zlikni anglash tuyg’usining qaror topganligi, o’tmish qadriyatlarini o’rganishga bo’lgan qiziqishning ortganligi oilaning shaxs kamolotida tutgan o’rni va rolini xolisona baholash imkonini berdi. Bu borada O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov quyidagi fikrlarni bayon etadi: «Oila turmush va vijdon qonunlari asosiga quriladi, o’zining ko’p asrlik mustahkam va ma’naviy tayanchlariga ega bo’ladi. Oilada demokratik negizlarga asos solinadi, odamlarning talab-ehtiyojlari va qadriyatlari shakllanadi. O’zbekistonning aksariyati o’zining shaxsiy farovonligi to’g’risida emas, balki oilaning, qarindosh-urug’lari va yaqin odamlarining, qo’shnilarining omon-esonligi to’g’risida g’amxo’rlik qilishni birinchi o’ringa qo’yadi. Bu esa eng oliy darajada ma’naviy qadriyat, inson qalbining gavharidir». Davlatning oilaga nisbatan g’amxo’rligi qabul qilinayotgan qonun va qarorlarda o’z ifodasini topmoqda. Respublikada «Oila» ilmiy-amaliy Markazi tashkil etilganligi buning yorqin dalilidir. Oila va islom. Donishmandlar oila haqida . Ma’lumki, Islom dinining muqaddas manbalari – «Qur’oni Karim» va «Hadisi Sharif»da oila, oilaviy munosabatlarga oid qarashlar o’z ifodasini topgan. «Qur’oni Karimda»: «Xotinlaringiz zirotgohingizdir» deyiladi. Buning ma’nosi oila qurishdan ko’zlangan asosiy maqsad – farzand ko’rish, ularning komil insonlar bo’lib voyaga yetishlarini ta’minlash ekanligidir. Shuningdek, Islom ma’naviyatida oilani halol, pok saqlash, erkak va ayolning bir-biriga bo’lgan sadoqati, maishiy buzuqlikning katta gunoh ekanligi takror-takror uqtiriladi. Chunonchi, «Agar bir shaharda loaqal
bir ayol bir marta buzuqlik ko’chasiga kirib, harom orttirsa, bu shahardan qirq yil fayz-u barakat ko’tarilib ketadi» deyilgan. Shunday ekan, ma’naviy jihatdan kamolotga yetishmay turib, iqtisodiy farovonlikni ta’minlash mumkin emas. Oila qurish balog’atga yetgan har bir yigit-qiz uchun hayotiy zaruriyat bo’lib, ularning o’zaro ahdu-paymoni asosidagi ijtimoiy birlik sifatida namoyon bo’ladi. Oilaning mustahkamligi oila a’zolarining totuvligi, er-xotinning oila yuritish ko’nikma va malakalariga egalik darajasiga bog’liq. Oilaning mustahkamligida ayolning alohida roli bor. Zero, oila tashvishlarining aksariyati uning zimmasida bo’ladi. Bu borada buyuk mutafakkir Alisher Navoiy quyidagilarni qayd etadi: «... Er bilan xotin bir-biriga mos tushsa, o’rtada boylik va saranjomlik bo’lur. Uy bezagi undan va uylanganning tinchligi undan. Husni bo’lsa ko’ngilga yoqimli bo’lur, yaxshiligi bo’lsa jon ozig’idir. Aqlli bo’lsa turmush intizomli va ro’zg’or kerak yorog’i tartibli va saranjomli bo’ladi. Kishi bu xildagi juftga erishsa, balki bunday baxt qo’lga tushsa, yashirin g’am va kulfatda sirdosh va hamdaming bo’lur. Turmushdan har jafo ersa, hasratdoshing ul va aylanuvchi osmondan har balo kelsa ko’makdoshing ul. Ko’ngling g’amidin ul g’am chekadi, badaning zaifligi horg’inligidan u qiynaladi. ... Nosoz juft uy uchun ham ochiq ham yashiring qo’rqinchli kasallikdir. Uyatsiz bo’lsa ko’ngil undan ozorlanadi, yaramas bo’lsa undan azob tortadi. Tili yomon bo’lsa kuyovning ko’ngli yaralanadi, yomon ishlik bo’lsa erga yuz qoralik keladi. Mayxo’r bo’lsa, uy obodligi yo’qoladi va buzuqi bo’lsa, uy ichi rasvogarchilikka aylanadi. Oila tarbiyasining mohiyati. Oila tarbiyasi, yuqorida ta’kidlab o’tilganidek, ota-onalar yoki shaxs kamoloti uchun mas’ul shaxslar tomonidan tashkil etiluvchi hamda farzandlarni har tomonlama yetuk, sog’lom etib tarbiyalashga yo’naltirilgan pedagogik jarayon. Ota-onalar o’zlarining ijtimoiy burchlarini bajarar ekanlar, farzandlarida mehnatga, uni tashkil etuvchilarga nisbatan mehr-muhabbat, hurmat tuyg’usini shakllantirish, ularni ijtimoiy-foydali mehnatga tayyorlash, turli ko’rinishdagi munosabatlarni uyushtirish vaqtida tartib- intizomga amal qilish, ijtimoiy me’yorlarga og’ishmay rioya etish, sog’lom
turmush tarzini yaratish, o’z shaxsiy hayotlari mazmunini belgilashda maqsad, so’z va faoliyat birligini ta’minlash borasida har tomonlama ijobiy ibrat namunasini ko’rsatadi. Shaxs shakllanishiga ta’sir etishning ijtimoiy-ruhiy asosiga ega oila jamiyatning ajralmas bo’lagi sifatida ijtimoiy vazifalarni bajarish bilan birga o’ziga xos xususiyatlarni ham akslantiradiki, bunday xislat psixologik qarama-qarshilik hamda xarakterlar to’qnashuvidan iborat ijtimoiy munosabatlardan toliqqan inson organizmining ishchanlik qobiliyatini qayta tiklash uchun zarur bo’lgan mo’tadil iqlimni hosil qila oladi. Bu tuyg’u xalqimiz ruhiyatidagi o’ziga xos xususiyatlardan biridir. Oila tarbiyasida obyektiv va subyektiv omillarning roli katta. Oilaning moddiy ta’minoti va farovonlik (maishiy turmush) darajasi, oila byudjetining mavjud holati, undan oqilona foydalanish borasidagi tajriba, sog’lom ruhiy muhitning barqarorligi va hokazolar obyektiv omillar sanalsa, oiladagi shaxslararo munosabatlar mazmuni, oila a’zolarining fiziologik, psixologik, madaniy jihatdan komillik hamda ma’lumot darajasi, ularning qiziqish va ehtiyojlari o’rtasidagi mutanosiblik, oilaviy hayotni tartibga solish borasidagi o’zaro yordam, hamkorlik, birlik tamoyillariga tayanish kabilar subyektiv omillar sirasiga kiradi. Bolalarda ijtimoiy-dunyoviy bilimlarni egallashga bo’lgan intilish, ijtimoiy faoliyatning shakllanishida ota-onalarning samarali ishtirok etishlari hal qiluvchi omil bo’lib, bu oila tarbiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirishning zarur shartlaridan biri. Oila tarbiyasida bolalar hayotini to’g’ri yuritish ularni vaqtdan to’g’ri va unumli foydalanishlarning asosiy garovidir. Bolalarning oiladagi vaqtini o’yin, mehnat va o’qish faoliyatlari bo’yicha to’g’ri taqsimlash nihoyatda muhimdir. Oila jismoniy va psixologik jihatdan sog’lom, ma’naviy barkamol, mehnat, ijtimoiy hamda oilaviy hayotga tayyor shaxsni shakllantirib berishi lozim. Oila tarbiyasining mazmuni bolalarga ijtimoiy tarbiyaning mazkur yo’nalishlari – jismoniy, axloqiy, aqliy, estetik, mehnat, ekologik, iqtisodiy, huquqiy, siyosiy-