Psixologiya fanining dolzarb vazifalari va predmeti. Yangicha tafakkur va milliy mafkura shakllanishi sharoitida psixologik bilimlarning tutgan o`rni
Psixologiya fanining dolzarb vazifalari va predmeti. Yangicha tafakkur va milliy mafkura shakllanishi sharoitida psixologik bilimlarning tutgan o`rni REJA: 1. Yangi davr va psixologiya. 2. Psixologiyaning predmeti. 3. Psixologiyaning asosiy metodlari. 4. Psixologiyaning fanlar tizimida tutgan o`rni.
Psixologiya sohasida mukammal darsliklar yozila boshlagan davrga sal kam 160 yil bo`ldi. Shu davr ichida juda ko`plab ilmiy tadqiqot natijalarini o`z ichiga olgan monografiyalar, darsliklar, qo`llanmalar yozildi. Lekin, bu bilan fanning jamiyat hayotida tutgan o`rni juda oshib ketdi, deb bo`lmadi. Sababi, psixologiya sohasida faoliyat ko`rsatgan barcha olimlar ko`proq diqqatlarini mavhum shaxs va individual psixologiyaga qaratdilar. Vaholanki, inson, uning barkamolligi, jamiyat taraqqiyotiga bevosita ta’siri masalasi o`tib borayotgan asrimizning oxiriga kelib, o`ta dolzarb va muhim muammolar qatoridan joy oldi. XX asr va uning erishilgan yutuqlaridan eng muhimi shu bo`ldiki, texnika, elektronika va boshqa shunga o`xshash murakkab texnologiyalarni yaratgan inson va uning bevosita kundalik hayoti bilan bog`liq muammolar ko`payib borishi bilan xarakterlanadi. Vaqti kelganda, shunday faktga to`g`ri kelamizki, murakkab elektron texnikani yaratgan o`ta aqlli inson o`zi va o`z atrofidagilarning ruhiy kechinmalarini to`g`ri baholay olmasligi sababli, o`zini nochor va kuchsiz sezishi mumkinligini hayot isbotladi. XXI asr bo`sag`asida juda ko`plab davlatlarda bo`lgani kabi dunyo xaritasida munosib o`rin olgan mustaqil ¤zbekistonda ham barcha sohalarda tub islohotlar boshlandi. Bu islohotlarning barchasi inson omilini har qachongidan ham yuqori saviyaga ko`tarib, uning kuchi, idroki, salohiyati, ruhiy hamda ma’naviy barkamolligini bevosita taraqqiyot, rivojlanish va sivilizatsiya bilan uzviy bog`ladi. Bu inson va uning mukammalligi o`z ustida ishlashi, o`z mukammalligi xususida qayg`urishi muammosi har qachongidan ham dolzarb masalaga aylandi. Inson psixologiyasini bilish, o`z taraqqiyotini va iqtidorini tashkil etishni bilish, har qanday yosh davrda ham optimal ravishda ishga yaroqlilikni, turli o`zgarishlarga psixologik jihatdan tayyorlikni ta’minlash, yangicha fikrlash va tafakkur qilish, ro`y berayotgan jarayonlarni ob’ektiv va to`g`ri idrok qilish qobiliyatini rivojlantirish muammosini ilgari surdi. Shunday qilib, yangi davr har bir insondan o`z ichki imkoniyatlarini adekvat bilish, shu bilimlar zahirasi bilan yaqinlari va hamkasblari psixik dunyosini bilishni talab qilmoqda. Buyuk Suqrot o`z davrida «o’z-o`zingni bil!» degan
shiorni o`rtacha tashlagan edi. Yangi davr bu bilimlar yoniga «o`z yoningdagilarni va ularning qilayotgan ishlarini ham bil», degan shiorni har qachongidan ham dolzarb qilib qo`ydi. Ayni shu muammoni yechishda hozirgi zamon psixologiya ilmi va amaliyotining roli benihoya kattadir. Psixologiyaning predmeti. «Psixologiya» so`zi ikkita grek so`zlaridan — «psyche» — jon, ruh va « logos » — ta’limot, ilm so`zlaridan iborat bo`lib, an’anaviy ma’noda inson ruhiy dunyosiga aloqador barcha xodisalar va jarayonlar uning predmetini tashkil etadi. Boshqacha qilib aytganda, psixologiyaning predmetini har birimizning tashqi olamni va o`z-o`zimizni bilishimizning asosida yotgan jarayonlar, xodisalar, xolatlar va shakllangan xislatlar tashkil etadi. Psixologiya bo`yicha adabiyotlarda uning predmetini qisqacha qilib, psixikadir, deb ta’rif berishadi. Psixika — bu inson ruhiyatining shunday xolatiki, u tashqi olamni (ichki ruhiy olamni ham) ongli bilishimiz, anglashimizni ta’minlaydi. Lekin bu qisqa ta’riflardan psixikaga aloqador jarayonlar ongning aks ettirish shakllari ekan, degan yuzaki xulosaga kelish noto`g`ri bo`ladi. Chunki inson psixikasi va uning ruhiy olamiga aloqador xodisalar va jarayonlar shu qadar murakkab va xilma-xilki, biz ba’zan o`z-o`zimizni ham tushunmay qolamiz. Shuning uchun ham odamlarning bilimdonligi nafaqat tashqi olamda ro`y berayotgan ob’ektiv xodisalar mohiyatiga aloqador bilimlar majmuiga ega bo`lish bilan, balki hayotda munosib o`rin egallash, o`z ichki imkoniyatlari va salohiyatidan samarali foydalangan xolda faoliyatini oqilona tashkil etishning barcha sirlaridan boxabar bo`lish, o`ziga va o`zgalarga ta’sir ko`rsatishning usullarini bilish va ulardan o`z o`rnida unumli foydalanishni nazarda tutadi. Psixologik bilimdonlikning murakkabligi aynan shundaki, atrofimizdagi narsalar va xodisalarning mohiyatini bevosita his qilib bilishimiz mumkin, lekin psixik hayotga aloqador bo`lgan jarayonlarni, o`zimizda, miyamiz, ongimizda ro`y berayotgan narsalarning mohiyatini bilvosita bilamiz. Masalan, o`rtoqlarimizdan biri bizga yoqadi, doimo bizda yaxshi, ijobiy taassurot qoldira oladi, lekin uning u yoki bu xatti — xarakatlarini bevosita ko`rib, baholab, tahlil qilolsak-da, unga
nisbatan his qilayotgan mehrimizni, uzoq ko`rishmay qolganimizda uni sog`inayotganligimiz bilan bog`liq hisni bevosita ko`rib, idrok qilish imkoniyatiga ega emasmiz. Aynan shunga o`xshash xolatlar psixologiya o`rganadigan xodisalar va xolatlarning o`ziga xos tabiati va murakkabligidan darak beradi va ularni boshqa turli xodisalardan farq qiladi. Shunday qilib, psixologiya fani o`rganadigan jarayonlar va xodisalar murakkab va xilma-xil. Ularni o`rganishning ikki jihati bor: bir tomondan, ularni o`rganish qiyin, ikkinchi tomondan oson ham. Oxirgi jihati xususida shuni aytish mumkinki, bu xodisalar bevosita bizning o`zimizda berilgan, ularni uzoqdan qidirish, mavhum analogiyalar qilish shart emas, boshqa tomondan, ular o`zaro bir- birlari bilan bog`liq va umumiy qonuniyatlar va prinsiplarga bo`ysunadi. 1- jadvalda psixik jarayonlarning namoyon bo`lish shakllari, ular o`rtasidagi o`zaro bog`liqliklar aks ettirilgan. Aniq izlanish predmetiga ega bo`lgan har qanday fan o`sha predmetining mohiyatini yoritish va materiallar to`plash uchun maxsus usullar va vositalardan foydalanadi va ular fanning metodlari deb yuritiladi. Fanning salohiyati va obro`si ham birinchi navbatda o`sha metodlar yordamida to`plangan ma’lumotlarning ishonchliligi va validliligiga bog`liq bo`ladi. Bu fikrlar bevosita psixologiyaga ham aloqador bo`lib, metodlar masalasi bu fanda juda katta ahamiyatga molik masala sifatida qaraladi. Chunki yuqorida ta’kidlaganimizdek, psixik xodisalarni bevosita qo`l bilan ushlab, ko`z bilan ilg`ab, quloq bilan sezish qiyin. Lekin juda ko`plab fanlar bilan faol hamkorlik shunga olib kelganki, psixologiyaning har bir tarmog`i o`z vazifalarini yechish va ma’lumotlarga ega bo`lish uchun ko`plab metodlarni sinovlardan o`tkazib, eng ishonchli va mukammallarini saqlab qolgan. Kuzatish metodi tabiiy metodlar jumlasiga kiradi. Tashqi kuzatuv mohiyatan kuzatiluvchi xulq-atvorini bevosita tashqaridan turib, kuzatish orqali ma’lumotlar to`plash usulidir. ¤z-o`zini kuzatish esa odam o`zida kechayotgan biror o`zgarish yoki xodisani o`zi o`rganish maqsadida ma’lumotlar to`plash va qayd etish usulidir.
Erkin kuzatuv ko`pincha biror ijtimoiy xodisa yoki jarayonni o`rganish maqsad qilib qo`yilganda qo`llaniladi. Masalan, bayram arafasida aholining kayfiyatini bilish maqsadida kuzatuv tashkil qilinsa, oldindan maxsus reja yoki dastur bo`lmaydi, kuzatuv ob’ekti ham qat’iy bo`lishi shart emas. Yoki dars jarayonida bolalarning u yoki bu mavzu yuzasidan umumiy munosabatlarini bilish uchun ham ba’zan erkin kuzatish tashkil etilishi mumkin. Standartlashtirilgan kuzatuv esa, buning aksi bo`lib, nimani, qachon, kim va kimni kuzatish qat’iy belgilab olinadi va maxsus dastur doirasidan chiqmasdan, kuzatuv olib boriladi. Ijtimoiy hamda pedagogik psixologiyada guruhiy jarayonlarning shaxs xulq- atvoriga ta’sirini o`rganish maqsadida bevosita ichkaridan kuzatuv tashkil qilinadi, bunda kuzatuvchi shaxs o`sha guruh yoki oila hayotiga tabiiy ravishda qo`shiladi va zimdan kuzatish ishlarini olib boradi. Bu bir qarashda kontrrazvedkachilarning faoliyatini ham eslatadi. Shu yo`l bilan olingan ma’lumotlar bir tomondan tabiiyligi va mufassalligi bilan qimmatli bo`lsa, ikkinchi tomondan, agar kuzatuvchida konformizm xislati kuchli bo`lsa, o`zi ham guruh hayotiga juda kirishib ketib, undagi ayrim xodisalarni sub’ektiv ravishda qayd etadigan bo`lib qolishi ham mumkin. Guruhiy fenomenlarni tashqaridan kuzatish buning aksi- ya’ni kuzatuvchi guruhga yoki kuzatilayotgan jarayonga nisbatan chetda bo`ladi va faqat bevosita ko`zi bilan ko`rgan va eshitganlari asosida xulosalar chiqaradi. Umuman, kuzatish metodining ijtimoiy hayot, professional ko`rsatgichlarni qayd qilishda so`zsiz afzalliklari bor, lekin shu bilan birga kuzatuvchining professional mahorati, kuzatuvchanligi, sabr-qanoatiga bog`liq bo`lgan jihatlar, yana to`plangan ma’lumotlarni sub’ektiv ravishda taxlil qilish xavfi bo`lgani uchun ham biroz noqulayliklari ham bor, shuning uchun ham u boshqa metodlar bilan birgalikda ishlatiladi. So`rov metodi ham psixologiyaning barcha tarmoqlarida birlamchi ma’lumotlar to`plashning an’anaviy usullaridan hisoblanadi. Unda tekshiriluvchi tekshiruvchi tomonidan qo`yilgan qator savollarga muxtasar javob qaytarishi kerak bo`ladi. Og`zaki so`roqni yoki ba’zan uni oddiygina qilib, suhbat metodi deb ataladi, o`tkazadigan shaxs unga ma’lum darajada tayyorgarlik ko`rgach so`roq o`tkazadi.