TA’LIM JARAYONI YAGONA TIZIM SIFATIDA.
TA’LIM JARAYONI Y AGONA TIZIM SIFATIDA. REJA 1. Ta’lim jarayoni yaxlit tizim sifatida. 2. Ta’lim tushunchasi va mohiyati. 3. Ta’lim funksiyalari. Bilimlarni o’zlashtirish jarayoni.
Ta’lim jarayonining yaxlit tizim sifatidagi tavsifi. Ta’lim jarayonining “yaxlitligi” “tizimliligi” va “majmuaviyligi”ni bir xilda talqin etish mumkin emas. Biroq, ta’lim jarayonining yaxlitligi uning tizimliligi bilan uzviy bog’liq. Tizim (mustaqil tushuncha sifatida) o’zaro bog’langan ko’plab elementlar (tarkibiy qismlar) o’rtasidagi mustahkam birlik va o’zaro yaxlitlikdir. Demak, ta’lim yaxlit tizim sifatida ko’plab o’zaro bog’liq quyidagi elementlarni o’z ichiga oladi: ta’lim maqsadi, o’quv axborotlari, o’qituvchi va o’quvchilarning ta’limiy faoliyatlari, uning shakllari, pedagogik muloqot vositalari, shuningdek, ta’lim jarayonini boshqarish usullari. Barcha tarkibiy qismlarning o’zaro birligi va yaxlitligi sifatida namoyon bo’luvchi ta’lim jarayonining negizini o’qituvchi va o’quvchilarning ta’limiy faoliyatlari tashkil etadi. Ta’lim funksiyalari . “Funksiya” tushunchasi “ta’lim vazifalari” tushunchasiga yaqindir. Ta’lim funksiyasi ta’lim jarayoni mohiyatini ifoda etadi, vazifasi esa ta’limning komponentlaridan biri hisoblanadi. Didaktika ta’lim jarayonining quyidagi uchta funksiyasini ajratib ko’rsatadi: ta’lim berish, rivojlantirish va tarbiyalash. Ta’lim berish funksiyasi ta’lim jarayonining o’quvchilarda bilim, ko’nikma va malakalarni shakllantirishdan iborat. Ta’lim natijasi sifatida bilimlarining to’laligi, chuqurligi, tizimliligi, anglanganligi, mustahkamligi va amaliy xususiyat kasb etishi muhimdir. Bu kabi holatlar ta’lim jarayonining metodik jihatdan to’g’ri tashkil etilganligini ifodalaydi. Ta’lim jarayonida o’quvchilarda ular tomonidan o’zlashtirilgan nazariy bilimlar asosida hosil qilingan amaliy ko’nikma va malakalarning shakllanishi ham alohida ahamiyatga ega. Umumiy ko’nikma va malakalarga og’zaki va yozma nutqni bilish, axborot materiallaridan foydalana olish, o’qish, manbalar bilan ishlash, referat yozish, mustaqil ishini tashkil etish kabilar kiradi. Ta’limning rivojlantiruvchi funksiyasi ta’lim jarayonida bilimlarni o’zlashtirish jarayonida o’quvchining rivojlanishi sodir bo’lishini ko’rsatadi.
Rivojlanish quyidagi yo’nalishlarda sodir bo’ladi: nutqi rivojlanishi, fikrlashi, shaxsning sensorli va harakatlanish sohalari, emosional-irodaviy va ehtiyoj-sababli sohalari rivojlanadi. To’g’ri tashkil etilgan ta’lim shaxsni har doim rivojlantiradi, lekin o’qituvchi va o’quvchining shaxsiy har tomonlama rivojlanishiga qaratilgan maxsus o’zaro munosabatlarida rivojlantirish funksiyasi yanada samaraliroqdir. Ta’limning o’quvchi shaxsini rivojlantirishga yo’naltirilganligi “rivojlantiruvchi ta’lim” tushunchasi bilan ifodaniladi. XX asr 60-yillaridan boshlab rivojlantiruvchi ta’limni tashkil etishga nisbatan turli yondashuvlar yuzaga keldi. Bularning hammasi ta’limni tashkil etish faqat bilimlarni shakllantirishga emas, o’quvchini har tomonlama rivojlantirish (birinchi navbatda, aqliy rivojlantirish, aqliy faoliyat usullari, analiz qilish, taqqoslash, turlarga ajratish va boshqalarni kuzatish, xulosa chiqarish, obyektlarning muhim belgilarini ajrata bilish, faoliyat maqsadi va usullarini aniqlashni bilishga o’rgatish, uning natijalarini tekshirishni bilish malakasini rivojlantirish)ga xizmat qilishini anglatadi. Ta’lim jarayoni tarbiyalovchi xususiyatga ham ega. Tarbiya va ta’lim o’rtasidagi bog’liqlik obyektiv va qonuniy hisoblanadi. Biroq shaxsni ta’lim jarayonida tarbiyalash tashqi omillar (oila, mikromuhit va boshqalar)ning ta’siri tufayli qiyin kechadi. Tarbiyalash funksiyasi. Ta’limning tarbiyalovchilik xususiyati turli ijtimoiy tuzum hamda sharoitda ham yaqqol namoyon bo’ladi. Tarbiyalash funksiyasi ta’lim mazmuni, shakli va metodlarining mohiyati bilan belgilanadi va o’qituvchi hamda o’quvchilar o’rtasidagi munosabatlarni tashkil etish jarayonida yetakchi o’rin tutadi. Ta’lim jarayonida shaxsning ma’naviy-axloqiy va estetik tasavvurlari, xulq-atvori va dunyoqarashi shakllantiriladi. Ta’limning tarbiyalovchilik xususiyati, eng avvalo, ta’lim mazmunida aks etadi. Biroq, shuni ham e’tiborda tutish kerak-ki, barcha o’quv fanlari ham birdek
tarbiyalovchilik imkoniyatiga ega emas. Gumanitar va estetik fanlarning bu boradagi imkoniyatlari yuqori. Ta’lim jarayonida tarbiyaning ikkinchi omili o’qituvchi va o’quvchilarning munosabatlari, sinfdagi psixologik muhit, o’qish jarayoni ishtirokchilarining o’zaro munosabatlari, o’quvchilarning idrok etish faoliyatlariga o’qituvchining rahbarligi hisoblanadi. Zamonaviy pedagogika o’qituvchi va o’quvchilar o’rtasidagi munosabatning eng qulay usuli sifatida demokratik usulini e’tirof etadi. Bu usul ta’lim jarayonida o’quvchilar shaxsini hurmat qilish, ularning xohish- istaklari, qiziqishlarini inobatga olinishini anglatadi. O’qituvchi va o’quvchilarning ta’lim jarayonidagi faoliyatlari. O’qituvchi faoliyatining vazifasi va tuzilishi. Ta’lim muassasasi (umumiy o’rta, o’rta maxsus, kasb-hunar, oliy ta’lim muassasalari)da tashkil etiluvchi ta’lim jarayonida o’quvchining faoliyati o’qituvchi rahbarligi ostida kechadi. O’qituvchi faoliyatining vazifasi o’quvchilarning ijtimoiy borliqni ongli va faol idrok etishga yo’naltirilgan faoliyatlarini boshqarishdan iboratdir. Ta’lim jarayonini boshqarish quyidagi bosqichlardan iborat: 1) rejalashtirish; 2) tashkil etish; 3) boshqarish (rag’batlantirish); 4) nazorat; 5) natijalarni baholash va tahlil qilish. O’qituvchi faoliyatini rejalashtirish bosqichi kalendar-tematik yoki darslar rejalarini tuzish bilan yakunlanadi. Rejalar, reja-konspektlar yoki konspektlarni tuzish uchun uzoq, jiddiy ishlash kerak bo’ladi. O’qituvchi o’quvchilarning tayyorliklari darajasi, ularning o’quv imkoniyatlari, moddiy baza holati, shaxsiy (kasbiy) imkoniyatlarini o’rganib chiqishi, o’quv materiali mazmunini tanlab olishi, dars olib borish shakli va metodini o’ylab chiqishi kerak bo’ladi. O’quvchilar faoliyatini tashkil etish o’quvchilar oldiga o’quv masalalarini qo’yishni va uni bajarish uchun imkoniyatlar yaratishdan iborat bo’ladi.
Ta’lim jarayonida o’quvchilarning faoliyati . Bilim olish faoliyatning o’ziga xos ko’rinishi sifatida muayyan tuzilish, rivojlanish va faoliyat qonuniyatlariga ega. Bilim olish borliqni idrok etish, o’rganish, mashq qilish va muayyan tajriba asosida xulq-atvor hamda faoliyat ko’nikma, malakalarining mustahkamlanib, mavjud bilimlarning takomillashib, boyib borish jarayoni hisoblanadi. Bilim olishning muhim komponenti motiv, ya’ni, ta’limiy xarakterdagi harakat yoki faoliyatni tashkil etishga nisbatan rag’batni his etish, ehtiyojning yuzaga kelishidir. O’qishning keyingi komponenti o’quv harakatlari (operasiyalari) sanalaib, ular anglangan maqsadga binoan amalga oshiradi. O’quv harakatlari o’quv jarayonini tashkil etishning barcha bosqichlarida namoyon bo’ladi. Harakatlar tashqi (kuzatiladigan) va ichki (kuzatilmaydigan) ko’rinida bo’lishi mumkin. Tashqi o’quv harakatlariga predmetli harakatlar (yozish, rasm chizish, tajribalar o’tkazish); perseptiv harakatlar (tinglash, fikrlash, kuzatish, sezish) hamda nutqdan foydalanish kiradi. Ichki (mnemonik, yunonchadan «mnemonikon» - eslab qolish madaniyati) harakatlarga materialni eslab qolish, uni tartibga solish va tashkil etish, shuningdek, tasavvur va fikrlash harakatlari (intellektual) kiradi. Har qanday bilimni o’zlashtirishda o’quvchilardan idrok etish madaniyatiga ega bo’lish va o’quv materialini anglab yetish talab etadi. Pedagogik jarayonda o’quvchilar tomonidan ilmiy bilimlarning ma’nosini yetarli darajada tushunmay, faqat tovushlar birligi sifatida qabul qilinishi va yodlab olinishi xavfilidir. O’quvchilarni ilmiy bilimlarni ularning mohiyatini to’la tushungan holda o’zlashtirish shartlari bilan tanishtirib, ularga o’zini o’zi nazorat qilishning mohiyati va ahamiyatini tushuntirish maqsadga muvofiqdir. O’zini o’zi nazorat qilishda o’quvchilar ular qo’llayotgan aqliy mehnat vositalarining samaradorligi, shuningdek, o’z mehnati natijalarini baholashi kerak. Natijalarni baholash, nazorat qilish va tahlil etish o’quv harakatlarining ajralmas qismlari hisoblanadi. Ta’lim jarayonida o’quvchi tomonidan o’zini nazorat qilish, o’zini baholash va o’zini analiz qilish amalga oshirish o’qituvchining shunga o’xshash o’rgatuvchi harakatlarini kuzatish asosida