YER SIRTI HOLATINING DARYO OQIMIGA TA’SIRI
YER SIRTI HOLATINING DARYO OQIMIGA TA’SIRI Reja: 1. Daryo havzasi relyefining oqim hosil bo‘lishiga ta’siri. 2. Oqimning yil davomida taqsimlanishini belgilovchi omillar
Kalendar davrlarda, fasllarda va fasllar ichida (o‘n kunliklar, haftalar, kunlar) daryo oqimining yil davomidagi holati qonuniyatlarini aniqlash muhim ilmiy va amaliy ahamiyatga ega. Ular asosida turli xil suv xo‘jaligi maqsadlarida suv manbalaridan foydalanish rejalari tuziladi va suv omborlari kabi gidrotexnik inshootlarning parametrlari aniqlanadi. Ushbu mavzuda oqimning yil davomida taqsimlanishini belgilab beruvchi qator omillarga ta’rif beriladi. Daryo oqimining hosil bo‘lishiga havza Relyefi bevosita va bilvosita ta’sir etishi mumkin. Relyefning oqimga bevosita ta’siri havzaning nishabligi orqali ifodalanadi. Agar havzaning nishabligi katta bo‘lsa, oqim jadal suratda hosil bo‘lib, uning Daryo o‘zaniga oqib kelish vaqti qisqaradi. Shu bilan birga yer ostiga shimilish va bug‘lanishga ham kam miqdorda miqdorda suv sarflanadi. Havzaning, yonbag‘irlarining nishabligi nisbatan kichik bo‘lganda esa yuqorida bayon qilinganlarning aksi kuzatiladi. Havza relyefining oqim hosil bo‘lishiga bilvosita ta’siri juda kattadir. Bu ta’sir suv muvozanatining asosiy elementlari bo‘lgan yog‘in-sochin, bug‘lanish. yer ostiga shimilish va havzada to‘planadigan suv miqdori orqali seziladi. Suv muvozanati elementlariga va ular orqali Daryo oqimiga balandlik mintaqalari juda katta ta’sir ko‘rsatadi. Ortiqcha va yetarli darajadagi namlikka ega bo‘lgan tekislik hududlarida balandlikning uncha katta bo‘lmagan o‘zgarishi ham yog‘in miqdoriga va Daryo oqimiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, Valday tepaliklarida (dengiz sathidan 200-300m) yillik yog‘in miqdori 700 mm ga yetsa, u bilan yonma-yon joylashgan xududlarda 550 mm yog‘in yog‘adi. Tog‘li hududlarda Daryo havzasining suv muvozanati elementlari balandlik bo‘yicha keskin o‘zgaradi. Yillik yog‘in miqdori (tog‘ tizimining o‘rniga bog‘liq holda) ma’lum balandlikkacha ortib boradi, shundan so‘ng balandlik ortib borishi bilan yog‘in miqdori kamaya boradi. Masalan, Iliorti Olatovining shimoliy yon bag‘irlarida yog‘in miqdori 2250 m balandlikkacha ortsa, Jung‘or Olatovida bu balandlik 3200-3400m ni tashkil etadi.
Yog‘in miqdoriga yonbag‘irlarning nam havo oqimi yo‘nalishiga nisbatan joylashishi katta ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, Hisor tog‘tizmasining janubi-g‘arbiy yonbag’irlariga yiliga 1500-2000 mm yog‘in yog‘sa, Pomir tog‘ining ichki hududlarida yillik yog‘in miqdori atigi 400-600 mm ni tashkil etadi. Balandlikning ortishi yog‘in turiga ham ta’sir etadi, balandlikka mos ravishda yog‘inning umumiy miqdoriga nisbatan qorning hissasi ortib boradi. Bu esa o‘z navbatida oqim koeffisiyentining o‘sishiga olib keladi. Umuman tog‘li o‘lkalarning gidrologik sharoitida relyefning ahamiyati nihoyatda kattadir. Relyef gidrologik xodisalarga, shu jumladan oqim hosil bo‘lish jarayoniga ko‘pincha bevosita emas, balki tabiiy-geografik, ayniqsa, iqlimiy omillar orqali ta’sir etadi. 2. Oqimning yil davomida taqsimlanishini belgilovchi omillar Oqimning yil ichida taqsimlanishini aniqlash ancha murakkab, chunki mazkur jarayonga ko‘pgina tabiiy geografik omillar ta’sir ko‘rsatadi. Ular orasida yog‘in-sochin va havoning harorati, shu bilan birga bug‘lanishning yil davomida o‘zgarib turishi kabilar kiradi. Iqlimiy omillar geografik zonallikga bo‘ysinganligi sababli oqimning yil ichida taqsimlanishi bo‘yicha daryolar tasnifini ishlab chiqish imkoni tug‘ildi. Masalan, B.D. Zaykov daryolar oqimining yil davomida taqismlanishiga va to‘yinish manbalariga qarab tasnifini tuzishga muyassar bo‘ldi. Daryolar quyidagi uchta guruhga: 1. To‘lin suv davri bahorda kuzatiladigan daryolar; 2. To‘lin suv davri yilning issiq oylarida kuzatiladigan daryolar; 3. Yil davomida toshqinlar kuzatiladigan daryolarga bo‘linadi. Oqimning taqsimlanishiga iqlimiy omillardan tashqari havzadagi oqimning tabiiy boshqarilishini ifodalovchi boshqa tabiiy geografik omillar ham ta’sir ko‘rsatadi. Jumladan, havzaning maydoni, relef tuzilishi, gidrogeologik sharoiti, ko‘l, o‘rmon, muzliklarning mavjudligi kabilar kiradi. Masalan, tekislik daryolari oqimining yil davomida tekis
taqsimlanishiga ko‘llarning ta’sirini Neva, Svir, Boltiqbuyi hududlaridagi daryolarda yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Oqimning yil davomida taqsimlanishi insonning mehnat faoliyati tufayli anchagina o‘zgaradi. Ularga hovuz va suv omborlari qurish, botqoqliklarni quritish, ixota daraxtlari maydonini tashkil qilish, agrotexnika tadbirlarini o‘tkazish kiradi. Jumladan, suv omborlari daryolar oqimini mavsumlararo, yillararo tartibga solishga mo‘ljallab quriladi. Mavsumlararo tartibga solishga mo‘ljallanggan suv ombolarining asosiy vazifasi to‘lin va toshqin suv davrlarida suvni to‘plash va undan daryolarda suv kamaygan paytlarda foydalanishlardan iboratdir. Mazkur turdagi suv omborlari oqimi yil ichida notekis taqsimlangan daryolarda quriladi. Yillararo tartibga solishga mo‘ljallab qurilgan suv omborlari ko‘p suvli yillarda suvning bir qismini saqlab qolish va undan kam suvli yillarda foydalanish maqsadida quriladi. Daryo havzalarida botqoqliklarni jadal quritish vaqtida to‘lin suv davri paytida oqimning keskin ortishi gidrografik tarmoqlanishning kengayishi (kanal va zovurlarning) sababli kuzatiladi. Bu vaqtda havza yuzasidagi suvlarning jadal ravishda o‘zanga quyilishi ro‘y beradi, bu esa oqimning mavsumlar va oylararo notekis taqsimlanishiga olib keladi. Havzani o‘rmonlashtirish oqimning yil ichida taqsimlanishiga ikki yo‘l bilan ta’sir ko‘rsatadi. Birinchidan, o‘rmonzorlarda qor erish jarayoni cho‘ziladi, shu bilan birga to‘lin suv davri ham uzayadi. Ikkinchi tomondan o‘rmondagi tuproq-grunt qoplamidan suvning shimilishi jadal bo‘lganligi sababli ustki oqimning bir qismi yer osti suvlarini boyitadi. Bular o‘z navbatida daryo oqimining tekis taqsimlanishiga sabab bo‘ladi. Agrotexnik tadbirlar tuproq-gruntlarda namlikni to‘plashga qaratilagan bo‘lib, yuza oqimni yer osti oqimiga o‘tkazishga qaratilgan. Bu holatda daryo oqimining to‘lin suv davri paytidagi bir qismi yer osti
suvlarini to‘yintirishga sarflanadi, kam suvli davrda esa bu suvlar daryoni to‘yintiradi. Tog‘ daryolarining yil davomida taqsimlanishini ularning to‘yinish manbalari belgilab beradi. Jumladan muzlik suvlari hissasi katta bo‘lgan daryolarning oqimi yil davomida nisbatan tekis taqsimlangan bo‘ladi. Va, aksincha, to‘yinishida yomg‘ir suvlarining hissasi katta bo‘lgan daryolarning oqimi yil davomida nihoyat notekis taqsimlangan bo‘ladi.