«MEHNAT BOZORI INFRATUZILMASI» FANINING MOHIYaTI, PREDMETI VA MAZMUNI
«MEHNAT BOZORI INFRATUZILMASI» FANINING MOHIYaTI, PREDMETI VA MAZMUNI Reja: 1. Mehnat bozori infratuzilmasi kategoriyasining mazmuni va mohiyati 2. « Mehnat bozori infratuzilmasi » fanining ma qsadi, vazifalari, predmeti va tamoyillari 3. Mehnat bozori infratuzilmasining darajaviy bo‘limlari
Bozor munosabatlari tizimida mehnat bozori muhim o‘rinni egallaydi. Mana shu bozorda mehnatga qobiliyatli kishilar va davlat biror bir jamoa va xususiy tashkilotlarning nomidan ish ko‘ruvchilar va ish beruvchilarning manfaati to‘qnash keladi. Mehnat bozorida vujudga keladigan munosabatlar yaqqol ifodalangan ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatga ega bo‘lib, ular mamlakat aholisi ko‘pchiligining muhim ehtiyojlariga daxldor bo‘ladi. Mehnat bozori mexanizmi orqali aholining ish bilan bandligi va mehnatga haq to‘lash darajalari belgilanadi. Mehnat bozorida ro‘y berayotgan jarayonlarning jiddiy oqibati ishsizlik bo‘lib, u umuman olganda salbiy hodisa hisoblansa ham, lekin amalda jamiyat hayotining muqarrar natijasidir. Aholining ish bilan bandligi uning takror ishlab chiqarilishi uchun zarur shartdir, chunki kishilarning turmush darajasi, kadrlarni tanlash, tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishga, ularni ishga joylashtirishga, ishdan mahrum bo‘lib qolgan kishilarni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlab turishga sarflanadigan xarajatlarning barchasi ana shu aholining ish bilan bandligiga bog‘liqdir. Shuning uchun ham aholining ish bilan bandligi, ishsizligi, mehnat faoliyati uchun zarur resurslar va umuman mehnat bozori singari muammolar mamlakat iqtisodiyoti uchun dolzarb bo‘lib, ular tarmoqlararo funksional tizim hisoblanadi. Respublikamizda bozor islohotlari jarayonlarini avj oldirish hozirgi kunda mehnat bozori sub’ektlarining yangi mehnat tuzilmalariga bo‘lgan qiziqishlarini va yangi maqsadlari shakllanishi jarayonlari faol avj olishiga olib kelmoqda hamda ishchi kuchiga bo‘lgan talab va taklif shakllanishini yuzaga keltirmoqda. Bir vaqtning o‘zida mehnat bozori sub’ektlarining o‘zaro aloqalarini jamoa- shartnomaviy va normativ-huquqiy bazalarini doimiy rivojlantirish, mehnat bozori infratuzilmalarini kelgusida rivojlantirishni talab qiladi. Bozor munosabatlari sharoitida har qanday iqtisodiy munosabatning tashkiliy-iqtisodiy bazasiz amalga oshirish samarasizdir. Shuning uchun ham mehnat bozori infratuzilmasidagi ish faoliyatini tashkil qilish asoslarini ilmiy asosda yoritish samarali mehnat bozori shakllanishi va rivojlanishining ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatini oshiradi. Mehnat bozorini to‘liq ishlashi uchun rivojlangan infratuzilmani shakllantirish lozim.
Mehnat bozori faoliyat ko‘rsatishining sifat ko‘rsatkichlarini eng muhim mezoni uning infratuzilmasining rivojlanish darajasidir. Infratuzilma iqtisodiyotda turli xo‘jalik tizimlari va bu tizimlardagi asosiy sub’ektlar o‘rtasida faol o‘zaro aloqadorlikni ta’minlash uchun shart-sharoit yaratishi zarur. Mehnat bozori infratuzilmasining mohiyatini yoritib berishda ko‘pgina ilmiy adabiyotlarda mehnat bozori infratuzilmasi ish bilan bandlikka ko‘maklashuvchi davlat va nodavlat muassasalar tizimini, korxona va firmalarning kadrlarga xizmat ko‘rsatish bo‘limlarini, jamoat tashkilotlari va jamg‘armalarini, mehnat bozoridagi talab va taklif o‘rtasidagi samarali o‘zaro aloqadorlikni ta’minlashni o‘z ichiga oluvchi mehnat bozori tarkibiy qismi sifatida ifodalanadi. Ba’zi iqtisodchi olimlarning qarashlarida mehnat bozori infratuzilmasi mohiyatini ifodalashda quyidagi ta’riflarni uchratish mumkin : «kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, bandlik jamg‘armalari, reklama bilan shug‘ullanuvchi firmalar va boshqalar» 1 . D.S.Cherneykoning fikricha : «mehnat bozoridagi jami iqtisodiy, huquqiy va boshqaruv institutlari, tashkilotlar va faoliyat turlari uning funksiyalarini amalga oshirilishida ko‘maklashishi zarur» 2 . Shuningdek, Varfolomeeva O.A. ta’kidlaydiki : «Mehnat bozori infratuzilmasi – bandlikka ko‘maklashuvchi institutlar tizimi va boshqarish mexanizmlari sifatida mehnat bozorida ishchi kuchiga talab va taklif o‘rtasidagi iqtisodiy jihatdan foydali o‘zaro hamkorlikni ta’minlovchi tizimdir» 3 . Mehnat bozori infratuzilmasining ijtimoiy-iqtisodiy mohiyatini yoritib berishda Abdurahmonov Q.X. aniq ta’rifni bergan. Unga muvofiq mehnat bozori infratuzilmasi – davlat muassasalarini, ish bilan bandlikka ko‘maklashuvchi nodavlat tuzilmalarini, korxona va firmalarning kadrlar xizmatini, jamoat 1 Рофе А.И., Збўшко Б.Г., Ишин В.В. Рынок труда, занятость населения, экономика ресурсов для труда. - М. : 1994. – С. 154. 2 Чернейко Д.С. Формирование рынка труда: опыт, проблемы. - СПб.: СП6ГУЭФ, 1999. – С. 122. 3 Варфоломеева О.А. Становление инфраструктурў рўнка труда в переходной экономике. - СПб., Издательство СПвУЭФ. 2001. – С. 25.
tashkilotlari va jamg‘armalarini, ish kuchini talab va taklif qilish o‘rtasidagi eng samarali o‘zaro hamkorlikni ta’minlovchi normativ-huquqiy muhitni o‘z ichiga oladi, ular ishchi kuchiga ehtiyoj bilan taklif o‘rtasidagi eng samarali o‘zaro hamkorlikni ta’minlaydi 4 . Mehnat bozori infratuzilmasining mohiyatini yoritib berishda uning qo‘yidagi o‘ziga xos xususiyatlarini ko‘rsatib o‘tish zarur : 1. Mehnat bozori infratuzilmasi – bu ko‘p funksiyali tizim bo‘lib, aholining ish bilan bandligini ta’minlash va ijtimoiy himoyalashning turli xil tashkiliy shakl va usullaridan foydalanishni o‘z ichiga oladi ; 2. Mehnat bozori infratuzilmasidagi institutlar va tashkilotlar mehnat bozorini boshqarishda huquqiy, moliyaviy – iqtisodiy va axborot mexanizmlarini yuzaga keltiradi ; 3. Infratuzilma tarkibidagi (aholining ish bilan bandligiga ko‘maklashuvchi) ob’ektlar va mexanizmlar mehnat bozorining samarali shakllanishi va rivojlanishi uchun qo‘lay shart-sharoitlarni yaratilishiga qaratilmog‘i zarur. Mehnat bozori infratuzilmasining mohiyatini quyidagicha talqin etamiz : mehnat bozori infratuzilmasi – bu ish bilan bandlikka ko‘maklashuvchi davlat va nodavlat muassasalarini, korxona va firmalardagi kadrlar bo‘limlarini, jamoat tashkilotlari va jamg‘armalarini, ishchi kuchini talab va taklif qilish o‘rtasidagi nisbatlarni bevosita tartibga soluvchi va o‘zaro hamkorlikni ta’minlovchi normativ-huquqiy, moliyaviy-iqtisodiy va axborot mexanizmlari muhitini o‘z ichiga oluvchi mehnat bozorining tarkibiy qismidir. Mehnat bozori infratuzilmasi institutlar tizimi sifatida, davlat va nodavlat ish bilan bandlikka ko‘maklashuvchi tuzilmalar va mexanizmlar, mehnat bozori shakllanishi va rivojlanishi uchun huquqiy, moliyaviy va iqtisodiy jihatdan tartibga solishda qo‘lay shart-sharoitlarni ta’minlaydi. 4 Абдурахмонов Қ .Х. Ме ҳ нат и қ тисодиёти (дарслик). - Т.: - «Ме ҳ нат» - 2004. -145 б.
1.2. « Mehnat bozori infratuzilmasi » fanining ma qsadi, vazifalari, predmeti va tamoyillari Bozor munosabatlari rivojlanishi sharoitida har qanday iqtisodiy munosabatning tashkiliy-iqtisodiy bazasiz amalga oshishi mushkul. Mehnat munosabatlari amalga oshishining shunday asoslari birinchi navbatda qanday darajadagi infratuzilmaning mavjudligi, infratuzilmaning mehnat munosabatlarining barqaror rivojlanishiga ijobiy ta’siri, mehnat sohasidagi huquq va kafolatlarning amalga oshishida ko‘mak va imkon berishi bilan belgilanadi. Shuning uchun ham mehnat bozorining to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishi uchun uning infratuzilmasini rivojlantirish kerak. Mehnat bozori infratuzilmasi – ish beruvchi va yollanuvchi o‘rtasidagi eng samarali o‘zaro hamkorlikni ta’minlaydigan davlat, nodavlat, jamoat tashkilotlari va jamg‘armalari kabilardir. Infratuzilma ish kuchining bahosi, mehnat sharoiti, xodimlarni tayyorlash va qayta tayyorlash xususida ish beruvchi bilan xodim o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish, shuningdek, mehnat bozorida ish beruvchilar bilan yollanma xodimlar huquqlarini himoya qilish jarayonlarini tashkil etishi va tartibga solishi lozim. Iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish jarayonini boshdan kechirayotgan mamlakatlar singari O‘zbekistonda ham mehnat bozorini samarali boshqarish va uning infratuzilmasini rivojlantirish bilan bog‘liq yechimini topish lozim bulgan bir qator muammolar mavjud. Ularning asosiylari sifatida mehnat bozori infratuzilmasi rivojlanishining mezonlari va ko‘rsatkichlarini aniqlash, davlat ish bilan bandlik xizmati faoliyatining samaradorligini ta’minlash, nodavlat ish bilan bandlik xizmatlarini yaratish, mehnat bozorida hududiy axborot tizimlarini takomillashtirish, mehnat bozori infratuzilmasining rivojlanish istiqbollarini belgilash kabi muammolarni alohida qayd etib o‘tish lozim. Fanning maqsadi – bozor munosabatlari rivojlanishi sharoitida respublikamizda mehnat bozori infratuzilmasi rivojlanishi bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat. Fanning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat: