Daryolarda to‘linsuv davri va toshqin suvlari elementlarini hisoblash
Daryolarda to‘linsuv davri va toshqin suvlari elementlarini hisoblash Reja: 1. Daryolarning suv rejimi davrlari 2. Daryolarni suv rejimi davrlariga ko‘ra tasniflash 3. To‘lin suv davri oqimi va uni hisoblash usullari 4. To‘lin suv davrining asosiy ko‘rsatkichlari va ularni hisoblash usullari
Daryolar suv rejimining yillik o‘zgarishini bir necha harakterli qismlarga - ko‘p suvli, ya’ni to‘linsuv, kam suvli va toshqin davrlariga ajratish mumkin. Ular umumiy nom bilan suv rejimi davrlari deb ataladi. Daryolar suv rejimining davrlari soni turli tabiiy geografik zonalarda joylashgan daryolar uchun turlicha - ikkitadan to to‘rttagacha bo‘lishi mumkin. Masalan, tekislik hududlarida quyidagi to‘rt davr kuzatiladi: bahorgi to‘linsuv davri (polovode), yozgi kam suvli davr (yozgi mejen), kuzgi toshqin davri (pavodok), qishki kam suvli davr (kuzgi mejen). Ba’zi tekislik daryolarida kuzgi toshqin davri kuzatilmasligi mumkin, yozgi to‘linsuv davri uzoq muddatga cho‘ziladigan daryolarda esa yozgi kam suvli davr kuzatilmaydi. O‘rta Osiyoning nisbatan yirik daryolarida esa asosan ikkita davr, bahorgi - yozgi to‘linsuv davri va kuzgi - qishki kam suvli davr kuzatiladi. To‘linsuv davri deb, daryoda suvning ko‘payishi har yili deyarli bir xil mavsumda takrorlanadigan va uzoq vaqt (2-6 oy) davom etadigan davrga aytiladi. Bu davrda daryo qayirlari suv ostida qoladi. Suv sathining keskin ko‘tarilishi esa ayrim hollarda ko‘ngilsiz hodisalarga sabab bo‘ladi. To‘linsuv davrining asosiy elementlariga quyidagilar kiradi: to‘linsuv davrining boshlanish vaqti, ko‘tarilish tezligi va bu ko‘tarilishning davom etish vaqti, to‘linsuv davrining balandligi va cho‘qqisi, to‘linsuv davrining pasayishi va bu pasayishining davom etish vaqti, to‘linsuv davrining tugash vaqti, to‘linsuv davrining umumiy davom etish vaqti, to‘linsuv davridagi oqim hajmi. Toshqin davri deganda, daryo havzasiga yoqqan jala yomg‘irlar natijasida daryodagi suv sathi va sarfining juda tez ortishi va shunday keskin kamayishi tushuniladi. Toshqin davri o‘zining qisqa muddatliligi, oqim hajmining nisbatan kichikligi hamda ayni bir daryoda butun yil davomida turli davrlarda kuzatilishi bilan to‘linsuv davridan farq qiladi. Tog‘li hududlarda, jumladan O‘rta Osiyo daryolarida havo haroratining keskin ko‘tarilishi natijasida qor yoki muzliklarning jadal erishi hisobiga ham toshqinlar kuzatilishi mumkin. Kam suvli davr - daryolar suv rejimining to‘linsuv va toshqin davrlariga nisbatan kam suvliligi bilan farq qiladigan davridir. Kam suvlilikning asosiy sababi
suv to‘plash havzasidan daryoga kelib tushadigan suv miqdorining keskin kamayishidir. Suv rejimining turlariga ko‘ra daryolarni oddiy va murakkab rejimli daryolarga ajratish mumkin. O‘z suvini har xil geografik zonalardan yig‘adigan katta daryolar uchun (Nil, Amur, Yenisey, Pechora, Dunay va boshqalar) murakkab rejim xosdir. Bir xil geografik zonada joylashgan o‘rta va kichik daryolar oddiy rejimga ega bo‘ladi. Bizga ma’lumki, daryolarninig suv tartibida quyidagi davrlar kuzatiladi: to‘lin suv davri; toshqin suv davri va kam suvli davr. To‘lin suv davri deb, daryo havzalarida qor va muzliklarning erishi natijasida daryoda suv sathining uzoq muddat davomida ko‘tarilgan holda turish davriga aytiladi. Daryolarda bunday holat yildan-yilga deyarli bir vaqtda kuzatiladi. To‘lin suv davri kuzatilishi vaqtiga qarab bahorgi, bahor-yozgi va yozgi bo‘ladi. Bahorgi to‘lin suv davri asosan qor va qor-yomg‘ir suvlaridan kelib chiqib, u asosan tekislikdagi daryo havzalarida kuzatiladi. To‘lin suv davrida o‘tuvchi suv sarflarining maksimal qiymatlari cho‘l va chalacho‘l zonalarda mart-aprel oylarida, o‘rmon zonalarida aprel, tundra zonasida may-iyun oylarida kuzatiladi. Bahor-yozgi to‘lin suv davri asosan o‘rtacha balandlikka ega bo‘lgan tog‘lardan boshlanadigan daryolarda, ya’ni to‘yinish manbai abadiy qor chizig‘idan pastda joylashgan daryo havzalarida kuzatiladi. Bu daryolarda suv sarflariniing maksimal qiymatlari may-iyun oylariga to‘g‘ri keladi, to‘lin suv davri 3-5 oygacha davom etadi. Yozgi to‘lin suv davri baland tog‘lardagi muzlik va mangu qorliklardan to‘yinadigan daryolarda kuzatiladi. Bu xil daryolarda to‘lin suv davri uzoq, oktyabrgacha davom etishi mumkin. Suv sarflarining maksimal qiymatlari yilning eng issiq oylari (iyul-avgust) da kuzatiladi. 2. Daryolarni suv rejimi davrlariga ko‘ra tasniflash
Daryolarni suv rejimi davrlariga ko‘ra guruhlarga ajratish, ya’ni tasniflash mumkin. B.D.Zaykov MDH hududidagi daryolarni quyidagi 3 ta guruhga bo‘ldi (8.1-rasm): a) to‘linsuv davri bahorda kuzatiladigan daryolar; b) to‘linsuv davri yozda kuzatiladigan daryolar; v) toshqinli suv rejimiga ega bo‘lgan daryolar. O‘rganilayotgan hududda to‘linsuv davri bahorda kuzatiladigan daryolar ko‘pchilikni tashkil etadi. To‘linsuv davrining xususiyatlariga va suv sarfi hamda suv sathi rejimlarining boshqa davrlardagi o‘zgarishlariga bog‘liq holda bu guruhdagi daryolar beshta turga bo‘linadi: Qozog‘iston, Sharqiy Yevropa, G‘arbiy Sibir, Sharqiy Sibir va Oltoy turlari. To‘linsuv davri yilning iliq vaqtlarida kuzatiladigan daryolar guruhiga Uzoq Sharq va Tyanshan turlari kiradi. Toshqinli rejimga ega bo‘lgan daryolarda to‘linsuv davri bo‘lmaydi. Ular katta yoki kichik vaqt oraliqlariga bo‘lingan, ketma-ket kuzatiladigan yomg‘irli toshqin davrlari bilan ajralib turadi. Bu guruhdagi daryolar nisbatan kam tarqalgan. Toshqin davrining yil davomida taqsimlanishiga ko‘ra ushbu guruh daryolari quyidagi uchta turga bo‘linadi: Qora dengiz bo‘yi, Qrim va Shimoliy Kavkaz.
1 - rasm. Daryolarning suv rejimi davrlari bo‘yicha tasnifi Bu tasnifni hozirgi kun talablariga to‘la javob beradi, deb bo‘lmaydi. Turli balandlik zonalaridan suv to‘playdigan va shu tufayli turlicha to‘yinish manbalariga ega bo‘lgan O‘rta Osiyo daryolarining yagona-Tyanshan turiga kiritilishi buning yorqin misolidir. 3. To‘lin suv davrining asosiy ko‘rsatkichlari va ularni hisoblash usullari To‘lin suv davrining asosiy ko‘rsatkichlari quyidagilardan iborat: To‘lin suv davrining boshlanish vaqti; To‘lin suv davrining davom etish muddati; To‘lin suv davriniing tugash vaqti; 4.To‘lin suv davrida kuzatilgan suv sarfining maksimal qiymati; 5. To‘lin suv davrida oqib o‘tgan oqim hajmi.