DORIVOR O’SIMLIKLAR URUG’LARINING EKISH MUDDATINI ANIQLASH USULLARI
DORIVOR O’SIMLIKLAR URUG’LARI N I N G EKISH MUDDATINI ANIQLASH USULLARI Reja : 1. Urug‘-ko‘chat yetishtirish texnologiyasi 2. Urug‘ni ekish turlari va sxemalari 3. Urug‘larni ekish muddatlari, chuqurliklari va me’yori
Sun’iy barpo etilgan daraxtzorlarda daraxtlarning o‘sishi, daraxtzorlarning unumdorligi ko‘pincha ekilgan ko‘chatlarning sifatiga bog‘liq bo‘ladi. Ko‘chatlarning sifati asosan ular bo‘yi, tanasining qalinligi, ildizining holati, ildiz tizimi va tanasining nisbati kabi belgilari bilan aniqlanadi. Ma’lum o‘lchamli, hamma qismlari yaxshi rivojlangan, optimal nisbatda massaga ega bo‘lgan ko‘chatlar yuqori sifatli ko‘chat hisoblanadi. Bunday ko‘chatlar ekilgandan so‘ng yaxshi tutadi, ularda barglar va ildiz tizimi o‘simlik rivojlanishida bir-birlarini o‘zaro stimullash jarayonlari sodir bo‘ladi, fotosintez jarayonining intensivligi ildiz tizimining o‘sishini yaxshilaydi. Bunday sifatli ko‘chatlarni yaratish uchun ko‘chatzorlarda optimal sharoit yaratib berilishi zarur. Optimal sharoitdan og‘ish ko‘chatlarning sifati pasayishiga olib keladi, natijada sifatsiz ko‘chatlardan barpo etilgan o‘rmonlarning tutishi va ayniqsa birinchi yillari o‘sib rivojlanishi sust kechadi. Ko‘chat yetishtirish agrotexnikasi daraxt turlarining biologiyasiga, vegetatsiya davri davomida o‘simlikning vegetativ organlarining yillik o‘sishi va shakllanishi qonuniyatlariga, quruq moddani to‘plash dinamikasi va mineral ozuqa elementlarini o‘zlashtirish ritmi, yosh o‘simlikning o‘sishi uchun optimal rejimning aniq ekologik holatga mosligi, oziq modda talabi, zaruriy o‘g‘itlarni berish me’yori va muddatiga - asoslangan bo‘ladi. Urug‘-ko‘chat yetishtirish texnologiyasi Daraxt va butalarning urug‘ko‘chatlari ko‘chatzorning urug‘ ekish bo‘limida yetishtiriladi. Urug‘ko‘chat yetishtirish agrotexnikasi tuproqqa asosiy va ekishdan oldin ishlov berish, urug‘ni ekishga tayyorlash, ekish va unib chiqqunga qadar parvarishlash, nihollarni parvarishlash, urug‘ko‘chatlarni qazib olish va saqlash kabi asosiy ishlarni o‘z ichiga oladi. Tuproqqa asosiy va ekishdan oldin ishlov berish qora, ertagi, sideratli va bandli shudgorlash tizimi bo‘yicha amalga oshiriladi. Asosiy ishlov berishda yerni haydash chuqurligi 20-30 sm bo‘ladi. Sug‘oriladigan ko‘chatzorlarda maydonni tayyorlash uchastkani tekislash, sug‘orish tarmoqlarini tuzish, drenaj o‘tqazish (zarurat bo‘lganda) kabi ishlarni o‘z ichiga oladi.
Kuzgi shudgor tizimida ishlangan dala erta ko‘klamda yer yetilishi bilan boronalanib, tuproqning nami ko‘tarilib ketishining oldi olinadi. Bunday boronalash sho‘rning yer betiga chiqib qolishini kamaytiradi. Urug‘, danak ekishda tuproq yetarli shira nam bo‘lishi bilan birga yaxshigina zichlashgan bo‘lishi ham lozim. Tuprog‘i juda zichlashgan qotib ketgan kuzgi shudgor ko‘klamda kultivatorda 18 sm chuqurlikda yumshatilishi bilan birga boronalanib, mola bosilishi lozim. Bunda kultivator o‘rniga ag‘dargichi (otvali) olib qo‘yilgan plug ishlatilishi mumkin. Yangidan ishga solinayotgan uchastkalarni, shuningdek, qish va erta ko‘klamda haydash mumkin. Buning uchun fevral oxiri va mart boshida yer boronalanadi; yerning haydalma qatlami obi-tobiga kelishi bilan chimqirqarli plugda (bunga borona tirkab) 27-30 sm chuqurlikda haydaladi va ketma-ket mola bostiriladi. Urug‘ va nihollar kuzda ekiladigan bo‘lsa, ekishga bir yarim - ikki oy qolganda yer birinchi marta haydaladi, lekin borona bosilmaydi; ekishga ikki-uch hafta qolganda esa ikkinchi marta haydash bilan birga ikki yo‘la boronalanadi. Bu haydashlar o‘z vaqtida o‘tkazilsa tuproq normal zichlashib oladi, natijada unga ekilgan urug‘, o‘tkazilgan nihollar yaxshi o‘sadi. Kuzda shudgorlangan yer bedapoyadan bo‘shagan bo‘lsa, uni ko‘klamda qayta haydashning yoki chizelda yumshatishning hojati bo‘lmaydi. Partov yerlar yoki sero‘t uchastkalar kuzda 27 - 30 sm chuqurlikda shudgorlangan bo‘lishiga qaramay, ko‘klamda borona tirkalgan ag‘dargichsiz plugda 22 - 25 sm chuqurlikda haydaladi, ayni vaqtda o‘t ildizlari terib, daladan chetga chiqariladi. Agar yer unchalik og‘ir tuproqli bo‘lmasa, ko‘klamgi haydash o‘rniga chizelda 17 - 18 sm chuqurlikda yumshatish bilan kifoyalanish mumkin. Tuproqqa ekishdan oldin ishlov berishdan maqsad tuproq yuza qismini yumshatish bilan uni donador holatga keltirish, tuproqdagi mikrobiologik jarayonni kuchaytirish va oziqlanish rejimini yaxshilash, unib chiqqan yovvoyi o‘tlarni yo‘qotish va tuproqni ekishga tayyorlashdir.
Daraxt urug‘larini ekishga tayyorlash. Ko‘p daraxtlarning urug‘lari, masalan, jo‘ka, gilos, olma, nok, do‘lana, har xil turdagi zarang, shumtol, yavora, jiyda (lox), svidina, irg‘ay, beresklet, har xil yong‘oq va boshqa ko‘p daraxt urug‘lari ko‘klamda alohida tayyorlanmay ekilsa, shu ekilgan yili unib chiqmaydi yoki juda siyrak chiqadi. Urug‘ni ekilgan yili tekis unib chiqishi uchun, avvalo, alohida tayyorlash yoki daraxtdan terib olinishi bilan kuzdayoq ekib qo‘yish kerak. Odatda, daraxt urug‘lari ekish oldidan quyidagicha tayyorlanadi: 1. stratifikatsiya qilinadi; 2. suvda ivitiladi; 3. qaynoq suvga botirib olinadi; 4. skarifikatsiya qilinadi. Urug‘larni ekishga tayyorlashning ushbu va boshqa usullari birinchi bo‘limda batafsil yoritilgan. Tayyorlangan urug‘lar aynan ekish oldidan o‘rganiladi, tekshiriladi. Tekshirishda ishlov berilganda keyingi urug‘laming holati, aralashmadan ajratilish holati kuzatiladi. Urug‘ni ekish turlari va sxemalari Sug‘oriladigan ko‘chatzorlarda daraxt va butalarning urug‘i egatlarga ekiladi. Ko‘chatlar sug‘orilganda suv sekin oqadigan qilib egat olinadi. Bunda soyapar ko‘chat egatlarini sharqdan g‘arbga tomon olish yaxshi hisoblanadi. Egatning uzunligi yerning tuproq xususiyatiga qarab 100-150 m qilinishi zarur. Bir egat bilan ikkinchi egat orasi 70 sm. Ekilish qatori, bir qatorli ekishda 1 ga maydonga 14280-16670 m. Marza balandligi 20-25 sm, yuqorigi eni 30 sm sernam yerni yaxshi ko‘radagan daraxt urug‘larini (ipak akatsiya, chinor, qayrag‘och va shu kabi boshqalar) sepishda egatlar balandligi 10 - 12 sm qilib belgilanadi. Bir qatorli ekishda ekilish qatori 4-5 sm enlikdan 20 sm enlikkacha bo‘lishi mumkin. Birinchi egat ip tortib olinadi, qolgan egatlar shu birinchi egatga parallel qilib marker yordamida olinadi.
Egat olingandan keyin ketmonda to‘g‘rilanadi, marza usti xaskashda silliqlanib, kesaklar maydalanadi. Ekish oldidan egatlarga suv tarab, suvning oqishidagi kamchiliklar yo‘q qilinadi. Tog‘li va tog‘oldi mintaqalarida joylashgan ko‘chatzorlarda egatlar qiyalikka perpendikular holatda joylashtiriladi. Qumli mintaqalardagi ko‘chatzorlarda egatlar olinmasdan urug‘lar to‘rtqatorli lenta shaklida marker yoki kultivator yordamida tayyorlangan ariqchalarga sepiladi. Ariqchalar chuqurligi cherkez va saksovul urug‘i uchun 2-3 sm, qandim urug‘i uchun 6-8 sm bo‘ladi. Ariqchalarning oraliq masofasi 25 sm, lentalarning oraliqlari esa 50 sm qilib belgilanadi. Kichik maydondagi sug‘oriladigan ko‘chatzorlarda yer yuzasida 5-10 sm pastlashtirilgan pollar qo‘llaniladi. Pollarning eni 1,0 m, yo‘lakchalar 0,5 m kattalikka ega bo‘ladi. Bunday pollar, odatda, qo‘l mehnati bilan bajariladi, yirik maydonlarda esa DT-75 traktoriga tirkaladigan universal osma qator oluvchi - UGN-UK agregatidan foydalaniladi. Egat ustida qatorlar oralig‘i 10-15 sm, egat chetining oraliq masofasi 5 sm bo‘lgan, ikki qatorli urug‘ sepilishi mumkin. Mayda urug‘li ignabargli daraxt urug‘lari (chinor, ipak akatsiya, qayrag‘och, qarag‘ay, qoraqarag‘ay) egatning markaziga 15 sm enlikdagi lenta shaklida sepiladi. Lentasimon ekishda 1 ga maydondagi ekilish qatorining umumiy uzunligi quyidagi formula bo‘yicha aniqlanadi: Bunda: A - ekilish qatorining umumiy uzunligi, m; B - lentadagi ekilish qatorining soni; V - lenta eni, ikki lenta oralig‘idagi masofa ham hisobga olingan holda, m. Urug‘larni ekish muddatlari, chuqurliklari va me’yori