Falsafa uning predmeti, mazmuni va jamiyatdagi roli
Falsafa uning predmeti, mazmuni va jamiyatdagi roli . Reja: 1. Falsafa atamasining kelib chikishi ,falsafa shakllanishining asosiy boskichlari va falsafaning funksiyalari. 2. Dunyokarashning tarixiy shakllari 3. Dunyoni idrok etishda falsafiy dunyokarashning uziga xos roli 4. Fan ilmiy dunyokarash shakli 5. Falsafada milliylik va umuminsoniylik 6. Xozirgi davrda milliy falsafani rivojlantirish muammolari, uning xalkaro alokalarni tashkil etishdagi axamiyati
1-Masala «Falsafa» tushunchasining kelib chiqishi. Har qanday noma’lum so‘z mazmunini uning etimologiyasidan, ya’ni u qachon, qanday va nima uchun yuzaga kelganini aniqlashdan boshlash o‘rinli bo‘ladi. «Falsafa» tushunchasi yunoncha phileo – sevaman va sophia – donolik so‘zlaridan kelib chiqqan bo‘lib, mazkur atamaning dastlabki ma’nosini donolikka muhabbat deb talqin qilish mumkin. Falsafa so‘zini ilk bor qadimgi yunon mutafakkiri Pifagor miloddan avvalgi VI asrda tayyor holda (afsonalar, rivoyatlar, an’analar orqali) avloddan avlodga o‘tuvchi bilim va inson o‘z aqliga tayanib, mushohada yuritish va borliqni tanqidiy tushunish yo‘li bilan olishi mumkin bo‘lgan bilimni farqlash maqsadida ishlatgan. Shuni ta’kidlash lozimki, Pifagor ham, qadimgi davrning boshqa faylasuflari ham dastlab «falsafa» tushunchasiga uning keyinchalik paydo bo‘lgan va mohiyat e’tibori bilan, falsafani «barcha fanlar podshosi» darajasiga ko‘targan ma’nosidan boshqacharoq ma’no yuklaganlar. Ammo ilk faylasuflar o‘zlarini donishmand deb hisoblamaganlar va donolikka da’vo qilmaganlar, zero, o‘sha davrda keng tarqalgan tasavvurga ko‘ra, haqiqiy donishmandlik ajdodlardan meros qolgan, asrdan asrga o‘tib kelayotgan afsonalar, din va rivoyatlarda mujassamlashgan. Donishmandlar deb, asrlar sinovidan, eng so‘nggi haqiqat manbai sifatidagi bilimlarga ega bo‘lgan bashoratgo‘ylar, kohinlar va oqsoqollar e’tirof etilgan. Ularning so‘zlari shak-shubhasiz va birdan-bir to‘g‘ri deb qabul qilingan. Faylasuf esa, qadimgilar fikriga ko‘ra, izlanuvchi, donishmandlik muxlisi bo‘lishi, e’tiqod sifatida qabul qilingan tayyor haqiqatlarga emas, balki o‘z aqliga tayanib, ijodiy yo‘l bilan, shu jumladan boshqa faylasuflar tomonidan olingan bilimlar va tajribadan foydalangan holda maqsadga intilishi lozim bo‘lgan. Biroq , insonning dunyo va o‘ziga bunday munosabat darhol yuzaga kelgani yo‘q. Insonning tabiatga qarshilik ko‘rsatish, mavjudlik vositalarini yaratish va ko‘paytirish qobiliyatlari rivojlangunga va o‘sgunga, buning natijasida yetarli tajriba va bilimlar to‘plangunga, odamlar aqli ko‘p sonli savollarga javob izlash uchun yetarli darajada yuksalgunga qadar insoniyat uzoq va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tgan. Shu bois falsafaning mohiyatini, shuningdek uning paydo bo‘lish
sabablari va sharoitlarini tushunish uchun gapni inson dunyoqarashidan boshlash lozim. Nima uchun? Shuning uchunki, falsafa dunyoqarashning asosiy tarixiy shakllaridan biri hisoblanadi. Falsafa haqida gapirish – inson dunyoqarashi, uning oqilona fikrlash qobiliyati haqida, binobarin, uning mohiyati va Yerda paydo bo‘lish tarixi haqida gapirish demakdir. Bu yerda biz hali kam o‘rganilgan murakkab muammolarga duch kelamiz, zero insonning kelib chiqishi odamlar doim javobini topishga harakat qilgan buyuk jumboqlardan biri hisoblanadi. Ammo bilimning bu sohasida yechilmagan muammolar bugungi kunda ham bisyor. Xususan, inson nima uchun, qaerdan, qaysi sabablarga ko‘ra paydo bo‘lgan, degan savolga aniq, umumiy e’tirof etilgan javob hanuzgacha mavjud emas. Xuddi shuningdek, aql faqat insonga xosmi yoki uning inson borlig‘ida mavjudligi obektiv borliqning bir parchasi, ayrim hodisasimi?, degan savol ham hali o‘z javobini topganicha yo‘q. Biroq, insoniyat tarixi haqidagi hozirgi ilmiy tasavvurlar nuqtai nazaridan ayrim masalalar mavjud bo‘lib, ular xususida olimlar va mutaxassislar ma’lum bir to‘xtamga kelganlar. Xususan, boy tarixiy material, arxeologiya fani olgan daliliy ma’lumotlari, shuningdek boshqa fanlarning metodlari bilan olingan natijalar (masalan, jinslar, foydali qazilmalar yoshini aniqlash va sh.k.)ni e’tiborga olgan holda, ishonch bilan inson sayyoramizda hayotning tadrijiy (evolyusion) rivojlanishi mahsulidir, deb qayd etish mumkin. Hozirgacha mavjud bilimlar oddiy mehnat qurollarini yasagan insonsimon mavjudotlarning (lot. homo habilis – uquvli odam) qadimgi manzilgohlari taxminan 3-5 mln yil oldin paydo bo‘lgan, degan xulosaga kelish imkonini beradi. Arxeologik va ilmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qaddini tik tutib yuradigan odam yoshi taxminan 1,5 mln yilni tashkil etadi. Homo sapiens, ya’ni aqlli odamlar tipi atigi 40-60 ming yil oldin vujudga keldi. Insonda ong paydo bo‘lib, u ijtimoiy mavjudot sifatida uzil-kesil shakllanganidan beri, mutaxassislar fikricha, uning asosiy xususiyatlarida jiddiy o‘zgarishlar yuz bergani yo‘q, ya’ni u hozirgi odamlardan deyarli farq qilmaydi.
Ong paydo bo‘lishi esa, ilmiy tasavvurlarga muvofiq, inson tarixiy rivojlanishining odam miyasi o‘sib borayotgan mehnat faolligi va verbal (nutq orqali) muloqot ta’sirida o‘ta rivojlanib, murakkab mavhumliklarni tushunadigan darajaga yetgan davri bilan bog‘lanadi. Shunday qilib, inson tushunchalarga ta’rif berish, mulohazalar bildirish va mushohadalar yuritish yo‘li bilan sodda, lekin so‘zning to‘la ma’nosida aqliy ish olib bora boshladi. Falsafaning predmeti. Endi «Falsafa nimani o‘rganadi?», degan savolni berishimiz mumkin. I nsonda bilishga qiziqish uyg‘otadigan , mifologiya, din yoki fan javoblaridan qoniqmagan inson ning o‘ziga ma’lum bilimlar va tajribaga, m uayyan e’tiqod, ishonch va intuisiyaga tayangan holda oqilona asoslangan javoblar berishga harakat qiladigan , savollar tug‘diradigan har qanday obektiv va subektiv borliq falsafaning predmeti hisoblanadi . . Boshqacha aytganda, inson o‘z qiziqishi obekti haqida muayyan tasavvur hosil qilish maqsadida savol berishga asos bo‘lishi mumkin bo‘lgan hamma narsa falsafaning predmeti dir . Shu munosabat bilan u yoki bu odamning falsafiy qarashlari haqida va hatto uning falsafasi to‘g‘risida so‘z yuritish mutlaqo o‘rinli bo‘ladi va bunga biz kundalik hayotda tez-tez duch kelamiz. Biroq ayni holda bizni fan sifatidagi, ayrim insonning emas, balki butun jamiyatning rivojlanish mahsuliga aylangan ijtimoiy hodisa sifatidagi falsafa qiziqtiradi va ayni shu sababli yuqorida keltirilgan ta’rifda «inson» tushunchasi yig‘ma ma’noda qo‘llanilgan. Bu yerda shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, garchi falsafaning predmetiga biz umumiy nuqtai nazardan ancha keng ta’rif bergan bo‘lsak-da, ayrim tarixiy davrlarda odatda u yoki bu sabablarga ko‘ra muayyan masalalar doirasi falsafiy tadqiqotlarda birinchi o‘ringa chiqadi. Masalan, qadimgi Yunonistonda kosmosentrizm ilk falsafiy ta’limotlarning o‘ziga xos xususiyati bo‘lib, bunda asosiy e’tibor «kosmos», «tabiat»ni anglab yetishga qaratilgan. Keyinchalik, qadimgi yunon shahar-polislari ravnaq topgan davrda faylasuflar diqqat markazidan ijtimoiy muammolar, axloq, davlat qurilishi masalalari o‘rin oldi. Yevropada xristianlikning , Sharqda islom dinining vujudga
kelishi va mustahkamlanishi natijasida o‘rta asrlar falsafasi teosentrik (yunon. theos – markazdan o‘rin olgan xudo) xususiyat kasb etdi, ya’ni Xudo va u yaratgan olam falsafiy qiziqishlarning asosiy predmetiga aylandi. U yg‘onish davri da falsafa san’at (estetika)ga va ko‘p jihatdan insonga murojaat qilindi. . Yangi davr deb nomlanuvchi XVII-XVIII asrlarda falsafa tobora kuchayib borayotgan fan bilan uzviy bog‘landi, natijada falsafiy tadqiqotlarning diqqat markazidan bilish va ilmiy metodlar masalalari o‘rin oldi. XIX asrning ikkinchi yarmida yuz bergan «klassik falsafa» va oqilonalik inqirozi irrasionallik, intuitivlik, ongsizlik muammolarini namoyon etdi, XX asrning birinchi yarmida ular «noklassik falsafa» tahlilining asosiy predmetiga aylandi, bu esa, o‘z navbatida, matnlar manti g‘ i, tili, ularni talqin qilish va sharhlashga alohida qiziqish uyg‘onishiga olib keldi. XX asrning so‘nggi o‘n yilliklarida hozirgi madaniyatdagi inqiroz hodisalarini va yangi axborot texnologiyalarining, shuningdek ommaviy kommunikasiya vositalarining jadal sur’atlarda rivojlanishi bilan belgilangan muammolarni kun tartibiga qo‘ygan postnoklassik falsafa shakllandi. Bu falsafa vakillari «tarixiy rivojlanishning tugallanganligi», barcha ma’nolar va g‘oyalar «aytib bo‘linganligi» haqida mushohada yuritib, inson o‘ziga yog‘ilayotgan axborotga ishlov berishga qodir emasligiga e’tiborni qaratar ekan, notizimlilik, Yevropa an’anaviy falsafiy bilimining negizlari, qadriyatlari va chegaralarini o‘zgartirish g‘oyasini ilgari surdilar. Nihoyat, XX-XXI asr chegarasida eng yangi falsafada birinchi o‘ringa chiqqan va eng muhim mavzular qatoridan o‘rin olgan yana bir mavzu globallashuv jarayonlarining mohiyatini va ularning rivojlanish yo‘nalishini aniqlashga alohida e’tibor qaratildi. Bu jarayonlar hozirgi vaqtda jamiyat hayotining deyarli barcha jabhalarini qamrab oldi va davrimizning olamshumul muammolarini yuzaga keltirdiki, ularning nazariy va amaliy yechimini topish bu muammolarni shu jumladan falsafiy darajada anglab yetishni ham nazarda tutadi. Xalqaro miqyosda alohida e’tibor berish va kelishilgan harakatlarni taqozo etuvchi eng muhim muammolar qatoriga ekologiya, demografiya, xavfsizlik, xalqaro