Parazit va xo’jayin orasidagi bog’lanishning turli-tuman shakllari
“ Parazit va xo’jayin orasidagi bog’lanishning turli-tuman shakllari ” REJA: 1. Fakultativ va soxta parazitizm. Ularning o’zaro o’xshashlik va farq qiluvchi tomonlari. 2. Parazitlarning xo’jayin organizmida lokalizasiyasi va uning asosiy guruhlari. 3. Ektoparazitlar va endoparazitlar. Ularning asosiy ko’rinishlari. 4. Vaqtinchalik parazitizm va uning asosiy ko’rinishlari.
Fakultativ va soxta parazitizm Organizmlarning erkin holda yashashi bilan parazitlik tarzda hayot kechirish usuli oralig’ida turli-tuman zvenolar va o’tkinchi shakllarni uchratish mumkin. Tabiatda birqator organizmlarning parazitlik bilan hayot kechirishga asta- sekin moslashaborish jarayonini fakultativ parazitizm hodisasi bilan ifodalash o’rinlidir. Fakultativ parazitizm deganda shuni tushunish lozimki, biron-bir organizm (hayvon) tabiatda erkin hayot kechirishga moslashgan bo’lib, u ma’lum bir tasodifiy holat tufayli o’zi uchun qulay xujayin tanasiga tushib qolsa, u shu xo’jayinda ma’lum vaqt davomida parazitlik bilan hayot kechirishga o’tadi. Aslida esa uning hayot siklida parazitlik bilan tirikchilik qilish bosqichi umuman bo’lmaydi. Masalan, soxta ot zulugi ( Limnatis nilotica ) mayda umurtqasiz hayvonlar bilan oziqlanadi, ya’ni bunday hayvonlarga nisbatdan yirtqich hisoblanadi. Lekin u ba’zan ancha yirik umurtqali hayvonlarga hujum qilib, qonini so’rib, fakultativ parazit sifatida kun kechirishi mumkin. Hasharotlar sinfidan Reduvius avlodiga kiruvchi qandala turlari ham haqiqiy erkin yashovchi yirtqichlar hisoblanib, boshqa har xil hasharotlarni yeb tirikchilik qiladi. Lekin ushbu avlodning R. personatus deb ataluvchi turi ba’zan odamga hujum qilib, qon so’rishi mumkin. Fakultativ parazitizm hodisasi ayniqsa to’garak chuvalchanglar orasida ko’p uchraydi. Masalan, akad. K.I. Skryabin Donbassda ko’mir konida ishlovchi odamlarning ko’pchiligini ichagida Rhabditis avlodiga kiruvchi nematodalarning tuxumi, lichinkalari va voyaga yetgan chuvalchanglarni ko’plab topgan. Aslida ushbu chuvalchanglar erkin yashovchi haqiqiy tuproq nematodalari hisoblanadi va ularning odam ichagida yashashi shart emas. Lekin shuni qayd qilish lozimki, erkin yashovchi organizmlarning tekinxo’rlik bilan oziqlanishga o’tishi uchun ularning tuzilishi va fiziologiyasida bir qator moslasha olish xususiyatlari va qulay muhit omillari bo’lishi lozim. Bunday belgi va xususiyatlar yuqorida aytilgan Rhabditis nematodasida aynan mavjuddir, ya’ni xo’jayinning ichagida xazm shiralariga bardosh beraoladigan kutikula qoplami, anaerob muhitda yashay
olishidan tashqari, uning yer ostida ishlaydigan konchilarga tez-tez to’qnash kelish imkoniga ega bo’lishi, yer ostida namlikning va haroratning yetarli darajada bo’lishi nematodalarning ichakda bemalol yashashiga imkon beradi. Ushbu misolda erkin yashovchi nematodaning fakultativ parazitizmga o’tishi va nihoyat bunday munosabat shaklida haqiqiy parazitning kelib chiqish mexanizmini ko’rish mumkin. Fakultativ parazitizm tushunchasi ma’lum darajada soxta parazitizm shakli bilan bog’langan. Parazitizmning ushbu shakli shundan iboratki, tabiatda mutloq erkin yashovchi organizmlar tasodifan biror bir boshqa organizmning ichki organlariga tushib qoladi va u yerda ma’lum vaqt davomida yashash qobiliyatiga ega bo’ladilar. Masalan, uy yoki go’sht pashshalarining lichinkalari aslida chirindilarda, go’nglarda va o’lgan hayvon tanasida yashab rivojlanadi. Bunday lichinkalar ba’zan odam va biror bir hayvonning ovqat hazm qilish sistemasiga tasodifan tushishi hamda u joydagi hazm qilish shiralariga bardosh berib ichak sistemasini mexanik jihatdan bo’zishi mumkin. Hatto ichakda ma’lum vaqt saqlanib, undagi fiziologik jarayonning buzilishiga sabab bo’lishi mumkin. Akademik K.I.Skryabin va R.S.Shuls soxta parazitlar orasida tranzit (o’tib ketuvchi) parazitlar guruhini ajratishni tavsiya etishadi. Ushbu shakldagi parazitlarga ayrim gelmintlarni kiritish mumkin. Bunday parazitlar biror-bir boshqa xo’jayinning ovqat hazm qilish sistemasiga tushib qolishi mumkin, lekin bu yerda hayot siklidagi ma’lum bir rivojlanish bosqichini nihoyasiga yetkaza olmaydi. Masalan, chuchqa askaridasi odam uchun tranzit parazit hisoblanadi, chunki uning lichinkasi odam tanasida rivojlanishini davom ettira olmaydi. Shuni alohida qayd qilish lozimki, soxta parazitizm, bir tomondan, tabiatda tirik organzmlar orasida ancha kam uchrashi va tasodifiy xarakterga ega bo’lishi bilan fakultativ parazitizmdan farq qiladi. Ikkinchi tomondan esa fakultativ parazitizm shakli ayrim hollarda haqiqiy parazitizmning kelib chiqishi uchun asosiy yo’llardan biri bo’lishi bilan e’tiborga sazovordir. Bundan tashqari parazitizm bilan kommensalizm munosabatlari orasiga aniq chegara qo’yish qanchalik qiyin bo’lsa, fakultativ parazitizm bilan haqiqiy (obligat) parazitizmni ham aniq chegaralash
qiyindir. Tabiatda shunday hollar ham uchraydiki, bir turning ba’zi bir individlari (jinsi) erkin yashasa, boshqa bir individlar guruhi parazitlik bilan oziqlanishi uning uchun zarurdir. Masalan, bezgak yoki oddiy chivinlarning faqat urg’ochi individlari qon so’rishga moslashgan, chunki ularning tuxumlarining to’la yetilishi uchun qon tarkibidagi oqsil moddalari zarur bo’ladi. Erkak chivinlar esa tabiatda o’simlik shiralarini so’rib hayot kechiradi. Parazitlarning xo’jayin organizmida joylashishi (lokalizasiyasi) va uning asosiy guruhlari Yer yuzining quruqlik yoki suv biotopi bo’lmasin, uni tirik organizmlar o’zining yashash joyi sifatida tanlab olganidek, ma’lum bir hayvon tanasining (shuningdek odamning ham ) organlari, to’qimalari yoki gavda bo’shliqlari ma’lum bir parazitlar tomonidan o’zlarining yashash joyi sifatida yoki boshpanasi sifatida egallab olinadi. Shunga binoan xo’jayin tanasida parazitlarning joylashishi hamda turli-tuman tashqi va ichki organlarga nisbatan munosabatiga qarab barcha parazitlar ikki katta guruhga, ya’ni ektoparazitlar va endoparazitlarga ajratiladi. Ektoparazitlar yoki tashqi parazitlar o’z xo’jayinining tashqi tana qoplag’ichlarida, ya’ni terisida, jabralarida, junida, pat va parlar orasida yashaydi. Endoparazitlar yoki ichki parazitlar xo’jayinining ichki organ va to’qimalarida, tana bo’shliqlarida hamda xujayralarida yashaydi. Shunga binoan endoparazitlar to’qima ichi parazitlari, xujayra ichi parazitlari va bo’shliq parazitlari kabi guruhlarga ajraladi. Hayvonlar orasida shunday guruhlar mavjudki, ular to’lig’icha yo ektoparazitlik bilan yoki to’la endoparazitlik bilan hayot kechirishga moslashgan bo’ladi. Masalan, bir xujayrali hayvonlardan sporalilar faqat endoparazitlardan tashkil topgan bo’lsa, xivchinlilar va infuzoriyalar parazit turlari orasida ham ektoparazitlari va ham endoparazitlari bo’ladi. Yassi chuvalchanglarning monogenoidlar (Monogenoidea) sinfi ektoparazit turlardan tashkil topgan bo’lsa, trematodalar (Trematoda) sinfi esa faqat endoparazitlik bilan hayot kechiruvchi chuvalchanglarni o’z ichiga oladi. Lekin, monogenoidlarga
kiruvchi ayrim turlarning ektoparazitlikdan endoparazitizmga o’tib borish jarayonini, ya’ni ichki parazitga aylanish holatini ko’rish mumkin. Masalan, baqa ko’pso’rg’ichlisi ( Polystoma integerrimum ) va boshqa ba’zi bir turlarning lichinkalari ektoparazitlar sifatida itbaliqning jabralarida yashaydi. Itbaliqning metamorfoz yo’li bilan rivojlanib, yosh baqaga aylanib borishi tufayli jabralari reduksiyalanib ketadi. Jabra yoriqlari bitib ketishi tufayli parazit lichinkalar ichkarida qolib, nihoyat siydik pufagiga borib voyaga yetadi hamda butun umrini o’sha joyda endoparazit sifatida o’tkazadi. Ayrim parazitologlarni ko’zatishlariga binoan (Seller,1872; Galliyen,1935) lichinkalar itbaliq jabralariga oldinroq yopishib olgan bo’lsa, itbaliqning baqaga rivojlanib o’tishigacha, parazit voyaga yetib ulguradi va o’sha joyning o’zida haqiqiy ektoparazit sifatida tuxum qo’ya boshlaydi. Polystoma ning bu xususiyati uning ajdodlarini haqiqiy ektoparazitlar bo’lganligini isbotlaydi. Ushbu avlodning ayrim turlari, masalan, P.ocellatum toshbaqaning tili ostida yashab parazitlik qilsa, boshqa bir turi ( P. rugosum ) uning burun bo’shlig’ida parazitlik qiladi. Turli chuvalchanglar orasida sestodalar, parzit nematodalar va tikanboshlilar (skrebni) endoparazitlar hisoblansa, ayrim polixetalar va oligoxetalar, shuningdek zuluklar ektoparazitlarga mansubdir. Akad.Ye.N.Pavlovskiy parazitlar orasida teri orasi parazitlari va bo’shliqlar parazitlari guruhlarini ham ajratishni tavsiya etadi. Jumladan, odamning qo’llari terisini shox qavatida qo’tir kanasining parazitlik qilishi yoki volfart pashshasining lichinkalarini quloq bo’shlig’ida va burun yo’llarida yashashi kabilar misol bo’la oladi. Lekin parazitlarni bunday guruhlarga ajratish nisbiydir, chunki ayrim parazit turlari mavjudki ular butun umrini faqat bir organda yashash bilan o’tkazadi. Shuningdek parazitlar orasida shunday turlar ham mavjudki, ular hayot siklining ayrim bosqichlarini yashash joyini almashtirish bilan amalga oshiradi. Masalan, odamda bezgak kasalligini qo’zg’atuvchi Plasmodium vivax ning eritrositar davrdan oldingi bosqichda shizontlar faqat jigar xo’jayralari ichida rivojlansa, eritrositar davrdagi shizont va gamontlar faqat qizil qon xo’jayralari ichida rivojlanadi. Exinokokkning lichinkalik davri jigar, o’pka va miyada yashasa,