Tirik organizmlarning o’zaro munosabatlari va uning asosiy shakllari”
“ Tirik organizmlarning o’zaro munosabatlari va uning asosiy shakllari” REJA 1. Tirik organizmlarning simbioz holda yashashidan kelib chiqadigan munosabat turlari. 2. Mutualizm va uning mohiyati. 3. Kommensalizm va uning asosiy ko’rinishlari. 4. Foreziya va yirtqichlik. 5. Parazitizm va uning talqini.
Tirik organizmlarning o’zaro munosabatlari va uning asosiy shakllari Tabiatda tirik organizmlar orasida turli-tuman munosabat shakllari mavjuddir. Lekin ushbu munosabat shakllari bir-biriga shunchalik o’xshab ketadiki, hatto ular orasiga aniq chegara qo’yish juda qiyindir. Tirik organizmlarning o’zaro birga yashash jarayonini tushuntirish maqsadida belgiyalik botanik de Bari (1879y) simbioz so’zini taklif etadi va ushbu atama qo’llanilganda albatta ikki turga mansub bo’lgan organizmlarning birga yashashi tushunilishi lozimligini ta’kidlaydi. Lekin, ayrim biologlar, masalan, O.Gertvig (1906 y) simbiozni ikki tur organizmlarining o’zaro bir-biriga foyda keltirib, yashashi tushinilishi lozim deb, atamaning asosiy dastlabki ma’nosini noto’g’ri talqin qilinishiga sababchi bo’ldi va hozirgi vaqtda ham ayrim adabiyotlarda bunday tushuncha o’z aksini topib kelmoqda. Aslini olganda simbioz atamasining mohiyati birinchi bo’lib de Bari tomonidan qanday talqin qilingan bo’lsa, shundayligicha qabul qilish maqsadga muvofiqdir. Turli organizmlarning birga yashashi jarayonida ular orasida namoyon bo’ladigan munosabatlarning asosiy ikki guruhi farq qilinadi. Uning birinchi guruhi antogonistik , ya’ni qarama-qarshi munosabat bo’lsa, ikkinchisi mutualistik , ya’ni keng ma’nodagi o’zaro bir-biriga yordam berib yashash munosabatlari guruhi hisoblanadi. Hozirgi vaqtda tirik organizmlar orasida mavjud bo’lgan simbiotik munosabatlarni besh turga, ya’ni mutualizm, kommensalizm, foreziya, parazitizm va yirtqichlik kabilarga ajratish mumkin. Ushbu munosabat turlarining birinchi to’rt shakli so’zsiz simbioz mohiyatini bevosita aks ettiradi. Munosabatlarning yirtqichlik shakli esa simbioz uchun xos bo’lgan xususiyatlardan biroz chetga chiqadi. Shuning uchun yirtqichlikni simbiozning maxsus, o’ziga xos bo’lgan turi deb qarash kerak. Mutualizm - lotincha mutuus - “o’zaro”, “ikki tomonlama” ma’nolarini anglatsa, fransuzcha mutualite - “o’zaro foyda keltirish”, “bir-biriga muhtoj”degan ma’nolarni anglatadi. Mutualistik munosabatda bo’lgan simbiontlar orasidagi
bog’liklik ba’zan shunday darajaga yetib boradiki, o’zaro birga yashovchi ikki tur organizmlari biri ikkinchisisiz, mustaqil yashashga layoqatsiz bo’lib qoladi. Mutualistik simbiozga klassik misol qilib lishaynikni ko’rsatish mumkin. Ushbu o’simliklar aslida suv o’tlari bilan zamburug’larning simbioz holda yashashidan paydo bo’lgan uchinchi bir yaxlit organizm hisoblanadi va undagi suv o’ti va zamburug’ni alohida saqlasak,mustaqil ravishda yashayolmaydi, chunki ushbu simbiontlar bir-birini fiziologik jihatidan to’ldiradi. Tirik organizmlar orasidan mutualistik simbiozga yana juda ko’p dalillar keltirish mumkin. Masalan, zohid (darvesh) qisqichbaqa bilan aktiniyaning o’zaro bir-biriga yordam berib yashashi mutualizmga klassik misol bo’laolishi mumkin. Aktiniya qisqichbaqa joylashgan chig’anoq ustiga o’rnashib oladi va qisqichbaqaning ko’chib yurishi tufayli aktiniya ham o’z joyini almashtirib turish imkoniyatiga ega bo’ladi. Bu unga ko’p oziqa topish uchun qo’laylik tug’diradi. Aktiniya esa o’z navbatida o’zining zaharli otiluvchi hujayralari yordamida qisqichbaqani dushmanlaridan himoya qilishda faol ishtirok etadi. Termitlar ichagining keyingi qismida bir xujayrali ko’p xivchinli Hypermastigida turkumining ayrim turlari (Trichonympha turkestanica, Calonympha grassii, Kofoidia loriculata) ko’plab uchraydi. Ba’zi hollarda ushbu xivchinlilar termit og’irligining qariyb 33-36% ni tashkil etadi. Ichakdagi xivchinlilar kletchatkani parchalab, hazm qilish holigacha olib keladi. Ushbu uglevodning bir qismini o’zlari ham istemol qiladi, asosiy qismi esa termitlar tomonidan o’zlashtiriladi. Keltirilgan misoldan ko’rinib turibdiki, xivchinli simbiontlar termitlarni oziqlanishi uchun ko’maklashar ekan. Ikkinchi tomondan xivchinli simbiont o’zlari uchun termit ichagini nafaqat boshpana sifatida, balki yana oziqa topish joyi sifatida ham foydalanadi. Ko’pgina hasharotlar, jumladan suvaraklar, bitlar, qandalalar, chumolilar organizmida har doim bakterioidlar, kokkoidlar mutualist sifatida uchraydi. Agarda aytilgan hasharotlar tanasidan mikroblarni olib tashlasak, ularning rivojlanish jarayoni bo’ziladi, o’sish tuxtaydi, metamorfoz davom etmaydi, lichinkalari
reduksiyaga duch keladi. Bunday hasharotlarga mikroblari bor hasharotlarning ekskrementlarini yedirsak, izdan chiqqan jarayonlar qayta tiklanadi. Mutualistik simbioz nafaqat o’simliklar yoki hayvonlar orasida keng tarqalgan. Bunday munosabatlar shakli odam bilan o’simliklar yoki hayvonlar orasida ham juda keng tarqalgan. Masalan, odam ichagida har doim esherixiya degan ichak bakteriyasi (Bacterium coli) mutualist holda yashaydi. Ushbu bakteriya o’z faoliyati bilan odam organizmi uchun katta foyda keltiradi, ya’ni odam uchun zarur bo’lgan V 1 vitamini majmuini hosil qiladi. Ushbu vitamin majmuini foydali tomonlaridan biri, odam tanasidagi tif, ichburug’ (dizenteriya) va ayrim chirituvchi bakteriyalarga nisbatan antogonist bo’lib, ularning zararli faoliyatini bosib turadi. Shuni qayd qilish lozimki, mutualizm tizimidagi organizmlardan biri, ya’ni boshpana bergan tomon xujayin deb hisoblansa, xujayin tanasini boshpana qilib olgan ikkinchi organizm mutualist deb ataladi. Shuningdek ushbu tizimdagi organizmlar (sheriklik) tashqi muhit bilan bog’liq bulgan munosabatlarni boshqarishda ikkalasi ham faol ishtirok etadi. Kommensalizm fransuzcha commensal- hamtavoq ma’nosini anglatadi. Akademik Ye.N. Pavlovskiyning izohlashicha, kommensalizm simbiozning o’ziga xos shakli hisoblanib, ikki turga mansub bo’lgan organizmlarning o’zaro munosabatlari jarayonida, ularning biri ikkinchisiga zarar keltirmasdan uning oziqasidan hamda himoyalanish unun tanasidan foydalanadi. Tirik organizmlar orasida kommensal munosabatning turli-tuman shakllari mavjud. Lekin bunday turli-tuman shakllarni asosan uch turga ajratish mumkin. a) Sinoykiya (yunoncha syn-birga, oikos-uy boshpana). Ushbu simbiozda ikkala tur organizmlari bir-biriga nisbatan ma’lum darajada betaraf (befarq, indifferent) bo’lishi yoki ayrim hollarda simbiontlarning biri ikkinchisiga umuman zarar keltirmasdan o’ziga foyda olishi mumkin. Masalan, ko’p qilli halqali chuvalchanglardan nereida polixetasi himoyalanish maqsadida zohid qisqichbaqasi joylashgan mollyuska chig’anog’idan boshpana sifatida foydalanadi. Bundan tashqari nereis chuvalchangi qisqichbaqaning qoldiq oziqasidan ham foydalanishi
mumkin. Keltirilgan ushbu misoldan ko’rinib turganidek o’zaro birga yashovchi simbiontlarning faqat biri (nereis) o’ziga foyda olmoqda, lekin ikkinchisiga (zohid qisqichbaqasiga) zarar yetkazgani ham yo’q. Sinoykiya shaklidagi kommensalizmni ba’zan kvartirantlik (ijaraga olish) so’zi bilan ham almashtirish mumkin. Yuqorida keltirilgan misolimiz ham aynan ushbu fikrni tasdiqlaydi. b) Epioykiya . Kommensalizmning ushbu shakli sinoykiyaga o’xshash, lekin simbiont (ijarada turuvchi) o’z xo’jayinining atrofida yoki bevosita uning tashqi qoplag’ichlariga yopishgan holda yashaydi. Masalan, yopishqoq baliq (r ы ba prilipalo) ning orqa so’zgichi so’rg’ichga aylangan va uning yordamida u akula yoki biron-bir yirikroq suv hayvoni terisiga yopishib olib, uzoq masofalarga ko’cha oladi hamda xo’jayinining qoldiq oziqlari bilan kun kechiradi. Epioykiyaning bir ko’rinishi paraoykiya deyilib, simbiontlarning biri ancha kichik va kuchsiz bo’lib, u har doim kuchli hayvonlar orasida yoki ularga yaqin joyda yashaydi hamda doimo ular kuchli hayvon himoyasida bo’ladi. v) Entoykiya yoki hamtovoqning o’z “xo’jayinini” ichki organlarida yoki ichki bo’shliqlarida yashashidir. Ushbu munosabat shakliga klassik misol qilib, fiyerasfer balig’i (Fierasfer unberis) ning ignatanli goloturiya (dengiz bodringi- Holothuria tubulosa)ni suvli o’pkasida va ichaklarida yashab, vaqti-vaqti bilan (ko’pincha tunda) “xo’jayinining” kloakasi orqali tashqariga ovqatlanish uchun chiqib turadi. Ushbu simbiotik munosabatda baliq goloturiyaning ichki organlaridan faqat boshpana sifatida foydalanadi. Lekin keltirilgan misolimizda zararsizdek ko’ringan baliq ayrim hollarda goloturiya tanasidan tashqariga chiqmasdan, uning tanasi to’qimalari hisobidan oziqlanishga o’tishi ham mumkin. Bunday simbiotik munosabat evolyusiya jarayonida sekin-asta chuqurlashib, zaruriy xususiyatga aylanib borishi mumkin. Oqibatda kommensalizm munosabatining yirtqichlik yoki parazitizm shakliga o’tib borishini ko’rishimiz mumkin. Umuman olganda kommensalizm munosabatlarining qaysi shaklini olmaylik epioykiyaning ektoparazitizmga, entoykiyaning endoparazitizmga aylanib borishi uchun qulay sharoit mavjudligini ko’rish mumkin.