QON AYLANISH FIZIOLOGIYASI
QON AYLANISH FIZIOLOGIYASI Reja: 1. Qon aylanishning fiziolgik ahamiyati. Qon aylanishning katta va kichik doiralari, ularning funksiyasi. YUrakning funksiyasi. YUrakning sistolik va diastolik hajmi. YUrakda qo‘zg‘alishning kelib chiqishi. 2. YUrakning o‘tkazuvchi tizimi. YUrak avtomatiyasi. Elektrografiya (EKG). YUrak tonlari (tovushlari). YUrakning urish tezligi. Adashgan va simpatik asablarning yurak faoliyatiga ta’siri. YUrak faoliyatining gumoral (qon orqali) boshqarilishi. 3. Qon tomirlari fiziologiyasi. Gemodinamika. Qon ta’mirlarining tasnifi. Qon tomirlar tizimining turli bo‘limlarida bosimning o‘zgarishi. Tomir uriti (puls). 4. Ishchi giperemiya. Jismoniy mehnatning qon aylanishi ta’siri. Tashqi muhit omillarining qon aylanishiga ta’siri. Jismoniy tarbiyaning yurak – qon tomirlari faoliyatiga ta’siri. 5. Limfa va uning aylanishi.
1. Qon aylanishning fiziologik ahamiyati Qon aylanish tizimiga yurak, arteriya, vena, kapillyarlar va limfa tizimi kiradi. Yurak va tomirlar faoliyati tufayli odam organizmida qon to’xtovsiz harakatlanib turadi va turli-tuman tashilish funksiyalarini bajaradi. Yurak qon tomirlar tizimining markaziy a’zosi bo’lib, asab va gormonlar boshqaruvining ta’sirida doimo bir maromda qisqarib va kengayib turadi. Buning natijasida organizmdagi qon suyuqligi har xil kattalikdagi qon tomirlari yordamida hujayralarga va to’qimalarga oziq moddalarni olib boradi va turli qon tomirlar orqali yurakka qaytib keladi. Shuning uchun barcha qon tomirlar ikki turga bo’linadi: 1) markaziy a’zo bo’lmish yurakdan chiqib, butun tanaga tarqaladigan hamma qon tomirlariga (ichidagi oqayotgan qonning qandayligidan qat’i nazar) arteriya qon tomirlari deyiladi; 2) hujayralardan, to’qimalardan markaziy a’zo hisoblangan yurakka qon olib keladigan tomirlarni esa vena qon tomirlari deb yuritiladi. Yurakdan chiqadigan arteriya qon tomirlari (aorta, o’pka arteriyalari) markazdan uzoqlashgan sari tolalar, tarmoqchalar chiqarib, asta-sekin kichiklasha boradi. Nihoyat, a’zolar devorida mikroskop ostida ko’rinadigan juda ham ingichka arteriya tolalari – arteriolalar kapillyar soch tolasiga o’xshagan qil tomirlardir, ularning uzunligi o’rta hisobda 0,5 mm, kengligi 3-3,5 mk, ya’ni odam tukining diametridan 50 marta kichik va devori juda yupqa bo’ladi. Shu sababli ularda qon sekin oqadi, natijada hujayralar, to’qimalar va oraliq moddalarning yashashi va ishlashiga zarur kislorod hamda boshqa moddalarning qondan to’qimalarga diffuziya yo’li bilan o’tishiga imkoniyat yaratiladi. To’qimalarga esa karbonat angidridni va modda almashinuvi natijasida vujudga kelgan boshqa moddalarni kapillyarlarga beradi. Shunday qilib, arterial qon kapillyarlar orqali venoz qonga aylanadi. Venoz kapillyar tomirlar esa asta-sekin yiriklashib, oxirida ikkita (yuqorigi va pastki) kavak vena qon tomirni tashkil qiladi va yurakning o’ng bo’lmachasiga qo’yiladi. Qon o’ng bo’lmachadan o’ng qorinchaga, undan o’pka arteriyalari orqali o’pkaga
boradi. O’pka arteriyasining tarmoqlari pirovardida kapillyarlarga aylanadi va nafas alveolalari (pufakchalar)ni o’rab oladi. Kapillyarlar esa nafas jarayonida karbonat angridni chiqaradi va kislorodga boyiydi. Kislorodga boy bo’lgan qon o’pka venalari orqali yurakning chap bo’lmachasiga quyiladi. Undan chap qorinchaga o’tib, aorta orqali butun organizm bo’ylab tarqaladi. 2. Qon aylanishning katta va kichik doiralari Qon organizmga harakatlanar ekan, qon aylanishining katta va kichik doirasi kabi murakkab yo’lni bosib o’tadi. Katta qon doirasi yurakning chap qorinchasidan boshlanib, aorta, undan chiqqan arteriyalarni, ularning barcha tarmoqlarini, butun gavdadagi arteriolalar, kapillyarlar, venalarni o’z ichiga oladi va yurakning o’ng bo’lmasida tugaydi. Qon aylanishining kichik (o’pka) doirasi yurakning o’ng qorinchasidan boshlanib, o’pka arteriyasi va uning barcha tarmoqlarini, o’pka arteriolalari, kapillyarlar, venalarni o’z ichiga oladi va yurakning chap bo’lmasiga quyiladigan o’pka venalari bilan tugaydi. Qon aylanishning kichik (o‘pka) doirasi yuraknin o‘ng qorinchasidan boshlanib, o‘pka arteriyasi va uning barcha tarmoqlarini, o‘pka arteriolalari, kapillyarlar, venalarni o‘z ichiga oladi va yurakning chap bo‘lmasiga quyiladigan o‘pka venalari bilan tugaydi. Odam yuragining o’rtacha og’irligi erkaklarda 300 g, ayollarda esa bir oz kamroq – 200-250 g bo’ladi. Yangi tug’ilgan chaqaloq yuragi yumaloq shaklda bo’lib, birmuncha yuqori joylashgan, og’irligi 23-27 g, sakkiz oyli bolalarda yurakning og’irligi ikki barovar, 2-3 yashar bolalarda uch barovar va 16 yoshda o’n bir marta ortadi. O’rta yoshdagi odamlarda yurakning uzunligi 13-14,5 sm eng serbar qismi (ko’ndalangiga) 9-10,5 sm, oldingi sathi bilan orqa sathining uzunligi 6-7 sm ga teng. Yurak og’irligi butun tana og’irligiga 1:200 yoki 1:75 nisbatda bo’ladi. Yurak qon aylanish tizimining markaziy qismi bo’lib, mushaklardan tashkil topgan g’ovak a’zodir. Har bir odam yuragining hajmi mushtiga yaqin bo’ladi.
Jismoniy tarbiya va sport bilan shug’ullanuvchi kishilarda yurakning mushaklari yaxshi rivojlanib, uning hajmi boshqalar yuragining hajmiga nisbatan kattaroq bo’ladi (3.2.1-rasm). 2.1-rasm. Jismoniy tarbiya bilan shug’ullanadigan (I) va shug’ullanmaydigan (II) odamlarning yuragi. Yurak devori uch qavatdan: ichki-endokard, o’rta-mushak, ya’ni miokard va tashqi epikarddan iborat. Tashqi pardasi-perikard ikki qavat bo’lib, ichki qavati yurak mushagiga yopishib turadi, tashqi qavati esa xalta sifatida yurakni o’rab turadi. Ikkala qavat o’rtasidagi bo’shliq va suyuqlik bo’lib, yurakning qisqarish va kengayish harakatlariga qulaylik tug’diradi. Yurakning asosiy ishi nasos singari vena qon tomirlaridagi qonni so’rib, arteriya qon tomirlariga o’tkazishdan iborat. Yurakning bu ishi uning bo’lmacha va qorinchalari devoridagi mushaklarning ritmik ravishda qisqarishi (sistolasi) va kengayishi (diastolasi) orqali amalga oshadi. Yurakning bo’lmacha va qorinchalarining bir marta qisqarib-bo’shashishi yurakning bir ish sikli (davri) deyiladi. Ularning har bir ish sikliga 0,8 soniya sarflanadi. Jumladan, bo’lmachalarning qisqarishiga - 0,1 soniya, kengayishiga 0,7 soniya, qorinchalarning qisqarishiga 0,3 soniya, kengayishiga 0,5 soniya sarflanadi. Qorinchalar diastolasining oxirida, uning tamom bo’lishiga 0,1 soniya qolganda (kompensator pauza) bo’lmalarning yangi sistolasi ro’y beradi va yurakning ish sikli yangidan boshlanadi. Bo’lmalar va qorinchalar qisqarishining o’zaro bog’liqligi va izchilligi qo’zg’alish yurakning qayerida paydo bo’lishiga va qanday tarqalishiga bog’liq.
3. Yurakning sistolik va daqiqalik hajmi. Yurak qorinchalari har bir qisqarganida 60-70 ml qonni arteriya tomirlariga haydaydi. Bunga yurakning sistolik hajmi deyiladi. Tinch turgan holatda katta odamning yuragi bir daqiqada 70-72 marta qisqarib – kengayadi. Har bir qisqarganida undan, haydalgan qon miqdori uning bir daqiqada qisqarib- kengayishi soniga ko’paytirilsa, yurakning daqiqalik hajmi kelib chiqadi. Masalan: bir marta qisqarganda o’rtacha 70 ml qon haydalsa, uni bir daqiqadagi qisqarib – kengayish soniga, ya’ni 70 ga ko’paytirilsa, yurakning daqiqalik hajmi kelib chiqadi. U 4,9 litrga teng bo’ladi. (70 ml x 70 marta = 4,9 l).Bir kechayu – kunduzda yurak o’rtacha 100 ming marta qisqarib – kengayadi va 10 tonna qonni arteriya tomirlariga haydaydi. Yuqorida aytib o’tganimizdek, yurak ritmik ravishda uzluksiz ish bajaradi. Uning bir kecha – kunduzda bajargan ish massasi 64 kg yukni 300 m balandlikka ko’tarishga teng. Odamning o’rtacha umr ko’rishi 70 – 80 yil deb olinsa, shu davr ichida yurak aorta tomiriga chiqargan qon miqdori hisoblansa, u 5 km uzunlikdagi kanalni to’ldirib, unda paroxod yurishi mumkin bo’ladi. Jismoniy mehnat, sport mashqlari bajarganda yurakning qisqarib – kengayish soni mashg’ulotning sekin yoki tez bajarilishiga ko’ra bir daqiqada 100 martadan 200 martagacha ko’payishi mumkin. Demak, uning daqiqali hajmi ham, tinch holatdagiga nisbatan 1,5-3 marta ortishi mumkin. Jismoniy mehnatda chiniqqan sportchilarda mashq bajargan vaqtda yurakning sistolik hajmi 65 – 70 ml o’rniga 100-150 ml gacha ortadi va bir daqiqada yurakning qisqarib-kengayish soni 100- 200 martaga yetadi, ya’ni ularda yurakning daqiqalik hajmi 15-30 l. gacha ortishi mumkin. Chang’i sportida 8 soat davomida 100 km masofani o’tgan sportchining yuragi 35 tonna qonni arteriya tomirlariga haydaydi. 4. Yurakda qo’zg’alishning kelib chiqishi.